Yonilg‘i inqirozi: Rossiyada avtomobillarga davlat raqami bo‘yicha benzin beriladi
Olam
−
10 iyul 3474 2 daqiqa
Rossiyada yoqilg‘i taqchilligi sabab ayrim hududlarda avtomobillarga davlat raqamiga qarab benzin sotish tartibi joriy etilmoqda. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Rossiyada davom etayotgan yoqilg‘i inqirozi fonida bir qator hududlarda benzin sotuviga cheklovlar kiritilmoqda. Bir martada sotib olish mumkin bo‘lgan yoqilg‘i hajmiga limit o‘rnatish bilan birga, ayrim hududlarda avtomobillarni davlat raqamiga qarab yoqilg‘i quyish tizimi joriy qilingan.
Xorij OAVlarining yozishicha, yangi tartibga ko‘ra, juft kunlarda davlat raqami juft raqam bilan boshlanadigan yoki tugaydigan avtomobillar, toq kunlarda esa toq raqamli avtomobillar yoqilg‘i quyishi mumkin.
Qayd etilishicha, cheklovlar ham mahalliy hokimiyatlar, ham yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmoqlari tomonidan joriy etilmoqda. Ayrim AYOQSHlarda benzin umuman mavjud emas, mavjud shoxobchalarda esa haydovchilar uzun navbatlarga duch kelmoqda. Shuningdek, ba’zi hududlarda bir martada sotib olish mumkin bo‘lgan benzin hajmi ham cheklangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya ichki bozordagi yonilg‘i taqchilligi sababli Qozog‘iston bilan taxminan 50 ming tonna hajmdagi AI-92 avtobenzinini import qilish imkoniyati bo‘yicha muzokaralar olib borgandi. Shundan so‘ng, Rossiyada benzin va aviatsiya kerosini eksportiga vaqtinchalik to‘liq taqiq joriy etildi.
Keyinroq “Bloomberg” nashri ham Rossiyada yuzaga kelgan benzin tanqisligi Markaziy Osiyo davlatlariga ham ta’sir ko‘rsata boshlagani haqida xabar bergandi.
Live
BarchasiSariosiyoda terroristik guruh ushlandi
08 avgust