YeI Vengriyani maxfiy muzokaralardan chetlashtirdi – OAV

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Vengriya hukumatining maxfiy muzokaralarda ishtirok etishini cheklab qo‘ydi. Bunga ma’lumotlar Rossiyaga yetkazilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab bo‘lgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Politico” xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, bu holat “Yevropa diplomatiyasining sezilarli qismi” hozirda YeIga a’zo barcha 27 davlat ishtirokidagi umumiy yig‘ilishlar o‘rniga kichik guruhlar formatida o‘tishiga olib kelgan. Shunday qilib, muzokaralar E3 (Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya), E4 (o‘sha davlatlar plyus Italiya), “Veymar uchburchagi” (Germaniya, Polsha, Fransiya), NB8 (Shimoliy Yevropa va Boltiqbo‘yining sakkizta davlati) va boshqa guruhlarda amalga oshirilmoqda.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban hukumati Ukrainadagi urush davomida Rossiya bilan zich aloqalarni saqlab kelgan. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto YeIning boshqa a’zo davlatlari vakillari bilan uchrashuvlar paytidagi tanaffuslardan Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan telefonda bog‘lanish uchun foydalangan. Buning fonida Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Orban vakillari “Moskvani YeI Kengashi yig‘ilishlari haqida barcha tafsilotlari bilan xabardor qilib turgan” deb bayonot berdi. 

“Bizda bu borada anchadan beri shubhalar bor edi. Shu sababli ham men faqat o‘ta zarur hollardagina so‘z olaman va faqat kerakli narsani gapiraman”, deb yozdi Tusk X ijtimoiy tarmog‘ida.

“Politico” ma’lumotlariga ko‘ra, YeI rahbariyati Vengriya tomonidan ma’lumotlarning Rossiyaga berilishi haqidagi xabarlarda mamlakatda 12 aprel kuni bo‘lib o‘tishi kutilayotgan parlament saylovlari natijasiga ta’sir qilmaslik uchun rasman izoh berishni istamayapti. Bu orada Orban hukumati Moskva bilan zich aloqalar borligini inkor etgan. Yevropa ishlari bo‘yicha vazir Yanosh Boka bu haqdagi mish-mishlarni Orbanning “Fides” partiyasi reytinglarini tushirishga qaratilgan “feyk xabarlar” deb atadi. “Politico” hisoblagan so‘rovnomalarning umumiy natijasiga ko‘ra, vengriyaliklarning 39 foizi ushbu partiyaga, 48 foizi esa muxolifatdagi “Tisa” partiyasiga ovoz berishga tayyor.

“Financial Times” xabariga ko‘ra, Kreml o‘z ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlash uchun Vengriya ijtimoiy tarmoqlarida dezinformatsiya tarqatish rejasini taklif qilgan. Tashviqot kampaniyasi Orbanni Vengriya suverenitetini saqlab qola oladigan yagona nomzod sifatida taqdim etadi. Shuningdek, WaPo Rossiya Tashqi razvedka xizmatining ichki hisobotiga tayanib yozishicha, saylov natijalariga ta’sir o‘tkazish uchun Moskva Orbanga nisbatan suiqasd uyushtirish sahnasini tashkil etishni ham taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Vengriya maxfiy muzokara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing