YeI Ukraina importiga taqiq qo‘yish masalasida kelisholmayapti
Olam
−
20 aprel 2023 4292 1 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Ukrainadan oziq-ovqat import qilishga qo‘yilgan taqiqni muhokama qilmoqda. Bu masalada davlatlar bir to‘xtamga kela olmayapti. Ba’zi davlatlar Ukrainadan nafaqat don, balki boshqa oziq-ovqat mahsulotlari importiga ham taqiq qo‘yishni taklif qilmoqda. Bu haqda bugun, 20 aprel kuni RMF radiostansiyasi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, hozirda Ukrainaga qo‘shni davlatlar import qilish taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirishni taklif qilmoqda. Xususan, Polsha meva, tuxum, parranda go‘shti, shakar, asal; Bolgariya un va sariyog‘; Vengriya esa parranda go‘shti, asal va un importini taqiqlashni talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, bozorning Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘ldirilishi oqibatida mahalliy fermerlarning zarar ko‘rgani sababli Polsha, Vengriya, Slovakiya va Bolgariya Ukrainadan don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishni taqiqlagandi. Yevropa Ittifoqi esa mazkur harakatlardan norozi bo‘lgan, shuning uchun ushbu hafta ichida YeIga a’zo davlatlarning Bryusseldagi elchilari ushbu masalani muhokama qilishi aytildi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen esa Sharqiy Yevropadagi besh davlat rahbariyatiga maktub yo‘llab, ularning fermerlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million yevro miqdoridagi yangi moliyaviy yordam paketi ajratishini ma’lum qildi.
Live
Barchasi