YeI Oliy sudi Google’ni 4,1 mlrd yevro jarimaga tortdi

Texnologiya

image
Yevropa Ittifoqi Oliy sudi Google kompaniyasining shikoyatini rad etib, unga Android operatsion tizimida bozordagi ustun mavqeini suiiste’mol qilgani uchun solingan 4,125 milliard yevrolik jarimani o‘z kuchida qoldirdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu Yevropa Ittifoqi tarixida raqobat qoidalarini buzganlik uchun belgilangan eng yirik jarimalardan biri hisoblanadi.

Yevropa komissiyasi 2018 yilda Google’ni smartfon ishlab chiqaruvchilarni Google Search qidiruv tizimi va Chrome brauzerini oldindan o‘rnatishga majburlab, raqobatni cheklaganlikda ayblab, kompaniyaga 4,34 milliard yevro jarima solgan edi. Keyinchalik YeIning Umumiy sudi jarima miqdorini 4,125 milliard yevroga tushirgan, ammo ayblovlarni o‘z kuchida qoldirgan.

Qayd etilishicha, Google ushbu qaror ustidan Yevropa Ittifoqi cudiga shikoyat qilgan bo‘lsa-da, sud uni rad etgan. Sudyalar kompaniya Android platformasidagi ustun mavqeidan foydalanib, qidiruv xizmatlari bozorida raqobatga putur yetkazganini tasdiqlagan.

Google esa qarordan norozi ekanini bildirib, jarima innovatsiyalarni jazolashini va Android foydalanuvchilari istagan dasturlarni erkin yuklab olishi mumkinligini ta’kidlagan. Kompaniya, shuningdek, Yevropa Ittifoqini Apple kompaniyasining o‘z xizmatlarini iPhone qurilmalarida faol targ‘ib qilish amaliyotiga yetarlicha e’tibor qaratmayotganlikda tanqid qilgan.

Manbaga ko‘ra, Google so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan bir nechta monopoliyaga qarshi ishlar bo‘yicha bahslashib kelmoqda. Kompaniya 2017-2019 yillarda raqobat qonunchiligini buzgani uchun jami 8 milliard yevrodan ortiq jarimaga tortilgan. Bundan tashqari, 2025 yil sentyabrida reklama xizmatlarida o‘z mahsulotlariga noqonuniy ustunlik bergani uchun yana 2,95 milliard yevro jarima solingan.

Bildirilishicha, Yevropa Ittifoqi hozirda Google, Apple va boshqa yirik texnologik kompaniyalar faoliyatini Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun (Digital Markets Act) doirasida ham tekshirishda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniyalik xonanda Dua Lipa Samsung’ni uning suratidan televizorlarini reklama qilishda foydalanganlikda, biroq buning uchun haq to‘lamagani va ruxsat ham so‘ramaganlikda ayblab, sudga bergan edi.
 

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing