Dua Lipa Samsung kompaniyasini sudga berdi

Olam

image

Britaniyalik xonanda Dua Lipa Samsung’ni uning suratidan televizorlarini reklama qilishda foydalanganlikda, biroq buning uchun haq to‘lamagani va ruxsat ham so‘ramaganlikda aybladi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.

Shu yilning 8 may kuni Kaliforniyadagi AQSH federal sudiga topshirilgan da’vo arizasiga ko‘ra, Samsung kompaniyasi 2025 yil davomida AQSHda sotilgan televizorlarining aksariyat qismining qutisida Dua Lipa tasvirlangan televizor ekrani rasmini chop etgan. 30 yoshli xonanda bu holatdan 2025 yil iyun oyida xabar topganini va darhol kompaniyadan tasvirni olib tashlashni talab qilganini aytgan. Biroq u Samsung’ni bunga befarq munosabatda bo‘lganlikda hamda uning talablarini qayta-qayta rad etganlikda ayblamoqda.

“Dua Lipaning yuzi uning roziligisiz va hech qanday to‘lovsiz ommaviy marketing kampaniyasida ishlatildi. Bu jarayonda uning hech qanday nazorati yoki ishtiroki bo‘lmagan. Dua Lipa bunday foydalanishga hech qachon ruxsat bermagan va bermagan bo‘lar edi ham”, deyiladi da’vo arizasida.

Sud hujjatlariga ko‘ra, surat 2024 yilda Austin City Limits musiqa festivalidagi chiqishidan oldin, sahna ortida olingan. Xonanda mazkur fotosuratning mualliflik huquqi o‘ziga tegishli ekanini aytgan. Dua Lipa Samsung’ga qarshi mualliflik huquqini buzish, Kaliforniyaning shaxsiy imijdan foydalanish qonunini buzish, federal Lenxem (Lanham Act) qonuni va tovar belgisiga oid qonunlarni buzish bo‘yicha da’vo kiritgan.

Da’voda aytilishicha, Samsung xonandaning mahsulotni qo‘llab-quvvatlayotgandek taassurot uyg‘otib, moliyaviy foyda ko‘rgan. Hujjatda ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim muxlislar fikrlari ham keltirilgan. Ular televizorni faqat xonanda tufayli sotib olishganini aytgan.

Da’vo arizasida Dua Lipa reklama hamkorliklarini juda sinchkovlik bilan tanlashi ta’kidlangan. U avval Apple, Porsche, Versace, Bulgari va Nespresso kabi brendlar bilan hamkorlik qilgan.

Xonanda Samsung’dan mazkur tasvirdan foydalanishni doimiy taqiqlashni, kamida 15 million dollar tovon puli, qo‘shimcha jarima va sud xarajatlarini talab qilmoqda. Hozircha Samsung bu masala yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning eng yirik korporativ guruhi Samsung ortida turgan Li oilasi mamlakat tarixidagi eng katta meros solig‘i – 8 milliard dollar to‘lagani haqida xabar berilgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

sud Samsung Dua Lipa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing