Yaponiyada “buvi ijaraga berish” xizmati paydo bo‘ldi
Olam
−
11 iyul 2025 5484 2 daqiqa
Yaponiyada noodatiy bo‘lgan xizmat turi – “OK Obaachan” (“Xo‘p bo‘ladi, buvijon”) buvilarni “ijaraga berish” xizmati paydo bo‘ldi. Bu bo‘yicha maxsus portal ishga tushdi.
Yaponiya Statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 65 yoshdan oshgan 9,3 millionga yaqin kishi ishlamoqda – bu aholining har to‘rtinchisi nafaqaxo‘r degani. Bir kompaniya bu holatni muammo emas, balki imkoniyat deb baholab, noodatiy va “mehrga to‘la” xizmatni yo‘lga qo‘ydi – “OK Obaachan”. 1 soatlik xizmat uchun 3300 iyena (taxminan 22 dollar) va shuncha yo‘l xarajati evaziga “buvi”ni chaqirish mumkin. Yoshi 60 dan 94 gacha bo‘lgan ayol uy yumushlarida yordam beradi, taom tayyorlashni o‘rgatadi, suhbatlashadi yoki shunchaki ma’naviy ko‘mak ko‘rsatadi.
Hozirda “OK Obaachan” jamoasida har xil ko‘nikmalarga ega bo‘lgan 100 ga yaqin faol buvilar bor: kimdir tozalash va pazandalikni yaxshi biladi, kimdir chiroyli xat yozishni yoki oilaviy mojarolarni hal qilishni. Mijozlar tomonidan xizmatlarga bo‘lgan talab xilma-xil. Milliy taomlar tayyorlashni o‘rgatish, bolaga qarash, tabriknomani kalligrafiya bilan yozishda yordam, dildan suhbat qurish. Ba’zida “buvilar” odamga qiyin pallalarda, masalan, ayriliqdan keyin yoki ota-onalar bilan muhim suhbat oldidan ruhiy tayanch bo‘lish uchun taklif etiladi. Ba’zi mijozlar esa hatto ularning yordami bilan “Yaponiya jamiyatining qanday o‘zgarganini” aks ettiruvchi loyihalar ustida ishlaydi.
Internetda bu tashabbus turlicha baholandi. Ayrimlar bu ajoyib g‘oya deb hisoblaydi va unda haqiqiy mehrni ko‘radi, boshqalar esa buvilar xavfsizligidan xavotirda. Hatto shunday savollar ham bo‘lgan: “Nega xuddi shunday xizmat bobolar bilan yo‘lga qo‘yilmagan?”
Aslida Yaponiyada shunga o‘xshash loyiha mavjud. “Ossan Rental” nomli xizmat orqali “amaki”larni (shu jumladan, pensiya yoshidagi erkaklarni) “ijaraga” olish mumkin va ular ham ancha mashhur.
“OK Obaachan” servisi Client Partners kompaniyasi boshqaruvida ishlaydi. Bu kompaniya ayollarni ish bilan ta’minlashga ixtisoslashgan va o‘zini “ayollar uchun har sohada yordam beruvchi xizmat” deb ataydi. Kompaniyada, shuningdek “do‘st ijarasi” yoki “muvaqqat oila a’zosi” kabi xizmatlar ham mavjud – ularning barchasida rollarni ayollar ijro etadi.
Live
Barchasi