Yaponiya ham Ramzan Qodirovning onasini “qora ro‘yxat”ga kiritdi

Olam

image

Yaponiya hukumati Rossiya va qator xorijiy kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Mamlakat Vazirlar Mahkamasi o‘z saytida tegishli hujjatni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, agar Yaponiyada mavjudligi aniqlansa, 14 nafar jismoniy shaxs, 47 ta tashkilot, shuningdek, “Artek” bolalar oromgohi aktivlari muzlatiladi. Sanksiyalar ro‘yxatiga Ahmad Qodirov nomidagi mintaqaviy jamoat fondi va uning prezidenti – Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning onasi Aymani Qodirova, shuningdek, “Birinchilar” harakati kiritilgan.

Shuningdek, cheklovlarga “Ural” avtomobil zavodi, Arzamas yengil mashinasozlik zavodi, Harbiy-sanoat kompaniyasi, Bryansk avtomobil zavodi, “Remdizel”, Lipetsk mexanika zavodi, “Inkotex”, “Transkonteyner” kompaniyalari, Tula qurol zavodi, “Bazalt” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, “Pribor” va “Iskra” korxonalari hamda boshqa qator tashkilotlar tushgan. Shuningdek, yana ikkita Rossiya kompaniyasi – Alfa Machinery Group va “Vneshekostil”ga eksport cheklovlari joriy etilgan.

Ma’lumot uchun, Yaponiya Rossiyaga qarshi sanksiyalar paketini 2022 yil bahorida joriy qila boshlagan. Bunga javoban Moskva Tokio bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni to‘xtatdi, Kuril janubida qo‘shma xo‘jalik faoliyati bo‘yicha muzokaralardan chiqdi.

Qayd etish joiz, 2022 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Aymani Qodirovani “ijtimoiy faolligi uchun” faxriy orden bilan mukofotlagan. Mukofotni sharhlar ekan, Checheniston rahbari uning boshchiligidagi fond jangovar hududlarga muntazam gumanitar yordam yuborib kelayotganini eslatgan. Bu esa Qodirova qo‘li ostidagi fond Rossiya armiyasini qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatadi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya ham Ramzan Qodirovning onasi Aymani Qodirova va u boshqaradigan Ahmad Hoji Qodirov nomidagi fondni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Cheklov qo‘yilgan shaxslarning aktivlari Buyuk Britaniya hududida muzlatiladi, shuningdek, ularga mamlakatga kirish taqiqlanadi. Britaniya hukumati Aymani Qodirovani ro‘yxatga kiritilishiga asosiy sababi sifatida uning fondi va Rossiya hukumati o‘rtasida aloqalar borligini ko‘rsatgan. Qirollik uni “jalb qilingan shaxs” deb atagan.


Maqola muallifi

Teglar

sanktsiya Yaponiya Ramzan Qodirov Aymani Qodirova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing