Yana bir iqtisodchi Akayevning Karimov haqidagi fikrlariga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
30 iyun 11173 2 daqiqa
Avvalroq, Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayev O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov davridagi yopiq siyosat qo‘shni davlatlar tadbirkorlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratganini aytgan edi. O‘zbekistonlik iqtisodchi Yuliy Yusupov Akayevning mazkur fikrlariga munosabat bildirdi.
Yuliy Yusupovning yozishicha, u qo‘shni davlatlardagi tadbirkorlar, amaldorlar va oddiy fuqarolardan Islom Karimov davrida O‘zbekistonda yuritilgan yopiq iqtisodiy siyosat tufayli o‘zbek tovarlari va xizmatlari ularning bozorlarini egallamagani, bu esa qo‘shni mamlakatlar uchun iqtisodiy imkoniyat yaratgani haqidagi fikrlarni ko‘p bor eshitgan.
Shu o‘rinda, u Karimov davri iqtisodiy siyosati haqida tarqalgan bir latifani ham misol keltirgan. Unda O‘zbekistonda valyuta konvertatsiyasining cheklanishi, bozorlar va xususiy biznesga qo‘yilgan to‘siqlar natijasida savdo, sarmoya va tadbirkorlarning bir qismi Qozog‘istonga yo‘nalgani, bu esa qo‘shni mamlakat iqtisodiyoti uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratgani hazilomuz tarzda tasvirlangan.
Ma’lumot uchun, Asqar Akayev 2005 yil 24 mart voqealaridan keyin Qirg‘izistonni tark etgan va o‘sha yilning 3 aprelida rasman iste’foga chiqqan. 2021 yilda u “Qumtor” oltin koni bo‘yicha jinoyat ishi doirasida ko‘rsatma berish uchun Qirg‘izistonga kelgan va o‘shanda loyihani amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun xalqdan oshkora uzr so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik iqtisodchi Mirkomil Xolboyev hamda Behzod Hoshimovlar Akayevning mazkur fikrlariga javob qaytargan edi.
Live
Barchasi