Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 2300 nafarga yaqinlashdi
Olam
−
02 iyul 851 2 daqiqa
Joriy yilning 24 iyun kuni Venesuela shimolida sodir bo‘lgan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 2295 nafarga yetdi. Yana 11 ming 267 kishi jarohat oldi. Bu haqda mamlakat Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges ma’lum qildi.
Uning aytishicha, BMT hozirda qariyb 50 ming kishini bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritgan. Ulardan 30 mingga yaqini tabiiy ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan La-Guayra port hududida bo‘lgan.
“Qutqaruvchilar vayronalar ostidan qariyb 6,5 ming kishini tirik olib chiqdi. Biroq omon qolganlar soni 20 ming nafargacha yetishi mumkin, chunki ko‘pchilik mustaqil ravishda yoki yaqinlari yordamida qutulishga muvaffaq bo‘lgan”, degan Rodriges.
Shuningdek, zilzila oqibatida qariyb 13 ming kishi boshpanasiz qolgan.
Kecha, 1 iyul kuni Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges zilzila qurbonlari xotirasiga bag‘ishlab mamlakat bo‘ylab yetti kunlik motam e’lon qildi.
“Venesuela qalbi vayronkor zilzilalar oqibatida halok bo‘lgan insonlar uchun qayg‘uga to‘ldi. Bugun, biz yaqinlarini yo‘qotgan oilalar dardiga sherikmiz va jarohatlanganlar, bedarak yo‘qolganlar hamda tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlar uchun duo qilamiz”, deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Venesueladagi zilziladan so‘ng, osmon qizil rangga kirgan edi. Noodatiy ushbu hodisaga yangi geologik jarayonlar emas, balki atmosferadagi chang va mayda parchalarning zarralari tomonidan quyosh nurining sochilishi sabab bo‘lgan.
Live
Barchasi