Velosipedda Makkaga ketayotgan o‘zbekistonlik Qozog‘istonda adashib qoldi

Olam

image

Bugun, 13 may kuni Makkaga haj safari uchun ketayotgan o‘zbekistonlik erkak Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida adashib qoldi. Unga mahalliy politsiya xodimlari yordam bergan. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, xizmat safari chog‘ida adliya mayori Indira Narimbetova va adliya kichik leytenanti Marat Ozganov yo‘l chetida yordamga muhtoj, charchagan va dovdirab turgan erkakni payqab qolgan.

Aniqlanishicha, erkak haj ibodatini ado etish uchun O‘zbekistondan velosipedda Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan. U joriy yilning 3 may kuni Buxorodan yo‘lga chiqqan, minglab kilometr bosib o‘tgan va Mang‘istovga yetib borgan. O‘sha yerda yo‘lidan adashib, qayerdaligini bilmay qolgan.

Indira Narimbetova va Marat Ozganov unga navigatsiya ilovalarini o‘rnatishga yordam bergan, yo‘lni tushuntirgan hamda xavfsiz harakatlanish bo‘yicha maslahatlar bergan. Politsiya xodimlari, shuningdek, yo‘l xarajatlari uchun moliyaviy yordam ko‘rsatganini ham bildirgan. Erkakning o‘zi esa xodimlarga mehribonlik va chin dildan ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan.

Qayd etish joiz, Saudiya Arabistoni ruxsatnomasiz haj amalini ado etganlar va bunga yordamlashganlarga jarima va deportatsiya kabi choralarni qo‘llaydi. Xususan, ruxsatnomasiz haj ibodatini ado etayotgan yoki ado etishga urinayotgan shaxslarga 20 ming Saudiya rialigacha (5,3 ming dollar) miqdorida jarima solinadi. Ma’lum muddat davomida Makka shahri va muqaddas joylarga kirishga yoki u yerda qolishga uringan barcha turdagi tashrif vizalarining egalariga ham xuddi shunday jazo qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq muborak haj safarini niyat qilgan o‘zbekistonliklarning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqqani xabar qilingandi. Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Saudiya Arabistoni Makka haj safari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing