O‘zbekistonni Urugvayga qarshi o‘yinga Kannavaro olib borishi mumkin – manba
Sport
−
02 Oktabr 2025 7008 2 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro bilan rasmiy muzokaralarni boshlagani haqida xabar berilgan edi. 2006 yilgi “Oltin to‘p” sohibi O‘zbekiston milliy terma jamoasini 13 oktyabr kuni Urugvayga qarshi bahsga olib borishi mumkin. Bu haqda italiyalik jurnalist va insayder Nikolo Skira ma’lum qildi.
“Fabio Kannavarro O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan faol muzokaralar olib bormoqda va u 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida milliy jamoa bosh murabbiyligiga tayinlanishi mumkin. Uning murabbiylar shtabida yordamchi sifatida Chichcho Troyz, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha esa Eugenio Albarella ishlashi rejalashtirilmoqda. Kannavaro uchun ilk sinov 13 oktyabr kuni Urugvayga qarshi o‘yin bo‘lishi taxmin qilinmoqda”, deb yozadi Nikolo Skira.
Ma’lumot uchun, Fabio Kannavaro futboldagi faoliyatini yakunlagach, Yaqin Sharq va Xitoy klublarini boshqargan. 2019 yilda u Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan. 2022 yildan 2023 yilgacha Italiyaning “Benevento” klubi bosh murabbiyi bo‘lib ishlagan. 2024 yilning aprelida u “Udineze” (Italiya) klubini qabul qilib olgan va bir muddat ishlagan. Shundan so‘ng, Kannavaro Xorvatiyaning “Dinamo Zagreb” klubida ham bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. Hozirgi kunda esa ishsiz.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kannavaroga yaqin manbalarga tayanib, “Sport-express” italiyalik mutaxassis O‘FA taklifini rad etgani haqida bergan edi. Manbaga ko‘ra, Kannavaro Italiya A seriyasidagi amaldagi murabbiylardan biri ishdan bo‘shatilsa, ushbu chempionat klublaridan biriga ishga kirishga umid qilmoqda.
Qayd etish joiz, O‘FA rahbariyati anchadan beri milliy terma jamoaga bosh murabbiy qidirmoqda. Kannavarodan oldinroq Paulu Bentu, Fotih Terim va Yoaxim Lyov nomlari ham ko‘rib chiqilgan. Biroq Yoaxim Lyov va Paulu Bentu O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarish taklifini rad etgan.
Hozirgi kunda MTJni boshqarayotgan Timur Kapadze ham CAFA Nations Cup-2025 musobaqasi oldidan matbuot anjumanida O‘FA Jahon chempionatini ko‘rgan, tajribali mutaxassis jamoada ish boshlashini xohlayotganini tasdiqlagandi.
Live
Barchasi