O‘zbekistondagi har bir tuman uchun investitsiya formulasi ishlab chiqiladi
Jamiyat
−
25 iyun 1685 2 daqiqa
Bugun, 25 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimlar qaysi hududda qaysi tarmoqni rivojlantirish va qaysi loyihaga investitsiya jalb etish eng yuqori samara berishini aniq hisob-kitob qilishi kerakligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida hududlarga investitsiya jalb qilish samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, endilikda hokimlar o‘z hududida qaysi tarmoqni rivojlantirish, qaysi loyihaga investitsiya olib kelish va bu orqali qanday iqtisodiy natijaga erishish mumkinligini puxta hisob-kitob qilishi lozim bo‘ladi.
Bu borada iqtisodiyotning 12 ta asosiy tarmog‘iga 14 ta “aql markazi”, shuningdek, 37 ta sohaviy ilmiy institut va oliy ta’lim muassasasi biriktirildi.
Masalan, qurilish materiallari sanoati bo‘yicha Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari markazi, Materialshunoslik instituti hamda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti mas’ul etib belgilandi.
Ular yangi turdagi qurilish materiallariga bo‘lgan talabni o‘rganib, qaysi hududda qanday loyiha amalga oshirish, qanday texnologiyalarni joriy etish hamda qaysi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash zarurligini tahlil qiladi.
Yig‘ilishda barcha tarmoq rahbarlariga “aql markazlari”, ilmiy institutlar va oliygohlar bilan hamkorlikda har bir tuman salohiyatini chuqur o‘rganib, yalpi hududiy mahsulot o‘sishiga kuchli turtki beradigan loyihalar paketini shakllantirish vazifasi yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilganini ma’lum qilib, har bir bitim amaliy loyihalar, yangi ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi shartligini ta’kidlagandi.
Live
Barchasi