O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun uch karra yer solig‘i bekor qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun yer uchastkalaridan hujjatsiz foydalanganlik holatlarida hisoblangan uch karra yer solig‘i bekor qilindi. Shuningdek, avval hisoblangan soliq summalari qayta hisob-kitob qilinadi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Yangi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan. Unga ko‘ra, Soliq kodeksining 483-moddasi (vaqtinchalik soliq imtiyozlari) yangi tahrir bilan to‘ldirilib, 2020 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 iyungacha bo‘lgan davr uchun jismoniy shaxslarga nisbatan uch karra soliq hisoblash tartibi bekor qilingan.

Endilikda soliq organlari mazkur davr uchun avval hisoblangan soliqlarni qayta ko‘rib chiqadi.

Qonun doirasida bir qator boshqa o‘zgarishlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan bino-inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish jarayonlarini jadallashtirish belgilangan.

Shuningdek, vakolatli tashkilotlar mas’uliyatini oshirish, ayrim to‘siq bo‘layotgan mexanizmlarni soddalashtirish, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda soliq qarzdorligi tushunchasini aniqlashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish, bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibini joriy etish hamda shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish ham qonun doirasida belgilab qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing