O‘zbekistonda yoshga doir pensiya fuqarolarning murojaatisiz tayinlanishi mumkin
Jamiyat
−
08 fevral
7601O‘zbekistonda yoshga doir pensiyani proaktiv shaklda, ya’ni jismoniy shaxslarning murojaatlarisiz tayinlash tartibi joriy etiladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, palataning Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida nafaqalarni tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq ishlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan. Mazkur qonun loyihasi bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga nafaqalarni tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ya’ni, pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar – 60 yosh, ayollar – 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyasini ularning alohida murojaatini talab etmagan holda fuqaroning ish staji, ish haqi va boshqa ma’lumotlarini vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlar asosida bir kun muddatda proaktiv shaklda tayinlash tartibini joriy etish belgilanmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, fuqarolar belgilangan pensiya yoshiga to‘lganidan so‘ng pensiya tayinlashni so‘rab yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga, Davlat xizmatlari markaziga va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan ro‘yxatdan o‘tib, so‘rovnomani to‘ldirgan holda murojaat qiladi.
Qonun loyihasida shuningdek, fuqaro pensiya yoshiga yetib, ammo mehnat faoliyatini davom ettirish istagi bo‘lganida proaktiv shaklda tayinlanadigan yoshga doir pensiyani rad qilish tartibini ham joriy etish nazarda tutilmoqda.
Qonun tashabbuskorlarining fikricha, belgilanayotgan normalar fuqarolarga pensiya ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatining sifatini oshirishga, ortiqcha byurokratik to‘siqlarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Bildirilishicha, qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 25 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilingandi. Qarorda amaldagi davlat pensiya ta’minoti tizimida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida pensiya ta’minoti tizimining barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlash uchun mas’ul ishchi guruh tashkil etilishi belgilangan. Ishchi guruh 2025 yil 1 martga qadar davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqishi va kiritishi zarur.
LiveBarchasi
Trenddagilar


