O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi eng yuqori bo‘lgan hududlar ma’lum qilindi
Jamiyat
−
26 iyul 2023
48424O‘zbekistonning qaysi hududlarida kambag‘allik darajasi qanday ekani ochiqlandi. Bu bo‘yicha statistika Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda respublika bo‘yicha 1 million 307 ming 800 ta kambag‘al oila mavjud bo‘lib, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 14,1 foizni tashkil qilmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 17 foiz bo‘lgan bo‘lsa, shu yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasini 12 foizga (1 million 180 ming oila) qadar tushirib, 130 mingga yaqin oilani kambag‘allikdan chiqarish reja qilingan.
Statistikaga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha kambag‘allik darajasi eng past bo‘lgan hududlar Toshkent shahri (8,5 foiz), Navoiy (9,2 foiz) va Farg‘ona viloyatlari (11,6 foiz) hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi (19,7 foiz), Sirdaryo (19,5 foiz) va Xorazm (19,1) viloyatlari esa aksincha, kambag‘al oilalar nisbatan ko‘proq bo‘lgan hududlar sifatida tasniflangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2023 yil uchun hisoblangan kambag‘allik chegarasi – minimal iste’mol xarajatlari bir oyda bir kishiga 568 ming so‘mni tashkil etishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, mamlakat nafaqa miqdori bo‘yicha MDH davlatlari orasida oxirgi o‘rinlardan joy olgan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya miqdori 97 dollarni tashkil etishi aytilgandi.
Bundan tashqari, yaqinda “Miliy tiklanish” demokratik partiyasi deputati Alisher Qodirov o‘zining Twitter'dagi sahifasida odamning kambag‘allashishiga uning ilm va hunari yo‘qligi sabab bo‘lishini yozganidan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev unga javob qaytargan va ularning o‘rtasida o‘ziga xos bahs ketgandi.
LiveBarchasi