O‘zbekistonda “Barselona” akademiyasi ochilishi mumkin

Sport

image

O‘zbekistonda Ispaniyaning “Barselona” futbol klubiga tegishli bo‘lgan loyiha doirasida “Barca academy” akademiyasi tashkil etilishi mumkin. Bu haqda Sport vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 14 iyul kuni Sport vaziri Adham Ikramov boshchiligida Zoom platformasi orqali “Barselona” klubi vakillari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, “Barselona” klubi ijroiya jamoasi a’zosi Sesar Martines hamda klubning bilimlar, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar platformasi – Barca Innovation Hub bosh direktori Albert Mundet ishtirok etgan. 

Muloqot davomida O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish, yosh futbolchilarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash hamda zamonaviy futbol metodologiyasini joriy etish maqsadida “Barselona” klubining rasmiy xalqaro futbol akademiyasi – “Barca Academy” loyihasini O‘zbekistonda amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilingan. 

Tomonlar “Barca Academy” faoliyati, uning mashhur La Masia akademiyasi metodologiyasiga asoslangan ta’lim tizimi, murabbiylar malakasini oshirish, zamonaviy futbol falsafasini joriy etish va iqtidorli futbolchilarni saralash borasidagi tajribasi yuzasidan fikr almashgan. 

Shuningdek, Markaziy Osiyodagi ilk rasmiy “Barsa Academy” 2023 yilda Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod shahrida ish boshlagani, ayni paytda Bishkek shahrida ikkinchi akademiyani tashkil etish ishlari olib borilayotgani ham qayd etilgan. 

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda “Barsa Academy” loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish, bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirish, mahalliy murabbiylar malakasini oshirish hamda futbol sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 29 avgust kuni Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida hozirda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Barselona” futbol akademiyasi ochilgan edi. 

Shuningdek, 16 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Namangandagi “Navbahor” futbol maktabini uch yil muddatga Niderlandiyaning mashhur “Ayaks” futbol akademiyasi boshqaruviga berish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing