O‘zbekistonda asosan qanday huquqbuzarliklar sodir etilayotgani ochiqlandi
Jamiyat
−
16 aprel 5083 2 daqiqa
Joriy yilning I choragi davomida o‘zbekistonliklar asosan mayda bezorilik va ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shu yilning dastlabki 3 oyi davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 162 ming 665 nafar shaxsga nisbatan 138 ming 557 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, 105 ming 418 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazolar qo‘llangan. Yarashgani munosabati bilan 19 ming 201 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod etilgan.
Ko‘rilgan ishlarning aksariyatini quyidagilar bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar tashkil etadi:
- mayda bezorilik;
- ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik;
- avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish;
- elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish;
- haqorat qilish;
transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi;
- savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish;
- jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish;
- transport vositalarini mastlik holatida boshqarish;
sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish.
Bildirilishicha, apellyatsiya tartibida 1 924 nafar shaxsga nisbatan 1 632 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. 637 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 577 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Kassatsiya tartibida 2 540 nafar shaxsga nisbatan 2 380 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. 1 021 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 625 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 467 nafar shaxsga nisbatan 420 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan. 102 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 83 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2024 yilda 2 581 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 2 945 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgani xabar qilingan edi.
Live
Barchasi