O‘zbekistonda 50 ga yaqin talaba narkotik bilan qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
09 Oktabr 7286 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2025 yilning 6 oyi ichida oliy o‘quv yurtlarining 46 nafar talabasi narkojinoyatlar bilan shug‘ullangan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi katta inspektori Muhammadqodir Mahmudovga tayanib, O‘zA xabar berdi.
Bildirilishicha, narkotiklarni sotishni kasb qilganlar narkokurer sifatida talabalarni tanlayotgani kuzatilmoqda.
“Narkotiklar ta’siriga bilib-bilmay tushib qolgan yoshlar hayoti, kelajagi barchani birday o‘ylantiradi, albatta. Bunday tubsiz jar tomonga borayotganlar nafaqat yaqinlari, balki jamiyat uchun ham zarar keltirishi shubhasiz”, deydi u.
Uning aytishicha, zamon taraqqiy etgani, texnologiya va internet rivojlanib borgani sayin giyohvandlik vositalari tarqatuvchilar ham savdo ko‘rinishini o‘zgartirib, murakkablashtirib bormoqda. Avval qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan og‘u bugun noma’lum lokatsiyalar va noaniq shaxslar tomonidan tarqatilmoqda.
Bugun narkotiklarning shakli ham o‘zgarib bormoqda. Avvallari giyohvandlik vositalari tabiiy ko‘rinishda uchragan bo‘lsa, bugungi kunda turli mahsulotlar tarkibida, jumladan, ichimliklar, quvvatlantiruvchi ozuqalar, qahva, shirinliklar va shu kabi mahsulotlar tarkibida uchrayotgani dahshatlidir. Bitta iste’moldayoq o‘ziga qaram qiluvchi vositalar jins, yosh, ijtimoiy qatlam tanlamayapti.
Noqonuniy, yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanayotgan preparatlar esa yuqoridagilardan-da xavfliroqdir. Hattoki, bitta doza iste’moli o‘lim bilan yakun topishi ham mumkin. Raqamlarga nazar solsak, 2024 yil davomida 5 ta, 2025 yil 6 oyida esa 8 ta narkolaboratoriya aniqlangan.
“Muammoning yana bir xavfli tomoni – ota-onalar ish va boshqa muammolar bilan bo‘lib, farzandlarining og‘u ta’siriga tushib qolganidan xabarsiz qolmoqda. Sababi, bugungi narkotiklar avvalgisi kabi o‘zini tezda namoyon qilmaydi”, deydi Mahmudov.
Giyohvandlik vositalarining iste’moli ortgani sari narkojinoyatlar soni ham oshib bormoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarining sa’y-harakati natijasida joriy yilda aniqlangan narkojinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Toshkent tumanida internet tarmog‘i orqali sintetik narkotiklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhning faol a’zosi – Toshkent shahridagi xususiy oliy ta’lim muassasasining 3-kurs talabasi qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi