Talabalar orasida jinoyatlar ortdi. Qaysi OTMlar yetakchi? (video)

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2025 yilning 6 oyi davomida 102 ta oliy ta’lim muassasasining 307 nafar talabasi tomonidan jinoyat sodir etilgan. Bu haqda bugun, 5 sentyabr kuni Senatning 10-yalpi majlisida ma’lum qilindi. 

Qayd etilishicha, 2024 yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2025 yilning 6 oyi davomida 102 ta oliy ta’lim muassasasining 307 nafar talabasi tomonidan jinoyat sodir etilgan. Xususan, jinoyatlarning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlari tashkil etgan. Hududlar kesimida jinoyatlarning aksariyati Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Oliy ta’lim muassasalari kesimida esa jinoyatlarning ko‘pchilik qismi Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ayrim oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini muntazam nazorat qilish, talabalarning dars mashg‘ulotlariga qatnashishini yetarli darajada monitoring qilinmagani oqibatida talabalar tomonidan dars vaqtida, ya’ni soat 08:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davr mobaynida jinoyatlar sodir etilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 563-sonli qarorida tyutorlarni biriktirish tartibi belgilangan bo‘lsa-da, ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan ushbu talabga rioya qilinmagan. Talabalarning yotoqxonalarga kirib-chiqishi, yashashi hamda tungi vaqtda bo‘lishi ustidan nazorat ham yetarli darajada emas.

Bundan tashqari, sohada faoliyat yuritayotgan shaxslarga nisbatan korrupsiya holatlari bo‘yicha qator jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Bu esa aholining haqli e’tirozlari ko‘payishiga, adolatsizliklar yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari soni keskin ortishiga sabab bo‘layotganligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Muhokama yakunida talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga Senatning tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM talaba jinoyat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing