O‘zbekiston odam savdosini bartaraf etishda bir pog‘ona yuqoriladi. Ammo...

Jamiyat

image_2021-07-02_13-45-49
0:00
0:00
download

O‘zbekiston hukumati odam savdosiga qarshi kurashda minimal standartlarga to‘liq rioya qilmayapti, ammo bu yo‘lda katta sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. COVID-19 pandemiyasi hukumatning odam savdosiga qarshi kurashiga ta’sir etishiga qaramay, O‘zbekiston avvalgi hisobot davriga nisbatan ancha kuchliroq harakatlarni amalga oshirganini inobatga olgan holda mamlakat 2-darajaga ko‘tarildi. Bu haqda AQSH Davlat departamentining “Odam savdosi to‘g‘risida: O‘zbekiston” nomli 2021 yilgi hisobotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, AQSH qonunchiligiga ko‘ra, 2-darajali reytingni uch yilgacha saqlab turish mumkin.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonning 2-darajaga ko‘tarilishida mamlakatda qabul qilingan odam savdosiga qarshi yangi qonunning ham o‘rni bor. Ushbu qonunda quyidagilarga e’tibor qaratilgan edi:

•  jabrlanganlarni himoya qilish bo‘yicha protokollarning takomillashtirilishi;

•  Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish;

•  bolalarning majburiy mehnatini aniq jinoiy javobgarlikka tortadigan o‘zgartirishlar;

•  oldingi yillarga qaraganda ko‘proq qurbonlarni aniqlash;

•  amaldorlarning paxta terimida majburiy mehnatga aloqadorligi bo‘yicha ishlarni ilk bor jinoiy tergovga yuborish.

“Hukumat, shuningdek, ilgari ekspluatatsiya sharoitida ko‘pincha Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi mojaro hududida qolib ketgan yuzlab o‘zbek ayollari va bolalarini vataniga qaytarish, ishonchli himoya qilish va qayta tiklash bo‘yicha xizmatlarni taqdim qildi”, deyiladi hisobotda.

AQSH hisobotida, shuningdek O‘zbekiston hukumati bir necha muhim sohalarda minimal standartlarga amal qilmagani qayd etilgan. 

“Ba’zi hududlarda mahalliy hokimiyat milliy amaliyotga qo‘yilgan taqiqni buzgan holda paxta ishlab chiqarishga (minimal) kvotalarni joriy etishni davom ettirmoqda. Bu esa mamlakatning ba’zi hududlarida davlat xizmatchilarini majburiy paxta terimiga jalb qilish uchun sharoit yaratib beradi. Garchi hukumat mansabdor shaxslarni mehnat qonunchiligini buzganligi uchun jarimaga tortishda davom etayotgan bo‘lsa-da, ketma-ket to‘qqizinchi yil majburiy mehnat jinoyatlaridagi sherikligi uchun mansabdorlarni jinoiy javobgarlikka tortmayapti. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, birinchi marta majburiy mehnatga jalb qilinsa, unda ma’muriy jazo qo‘llaniladi. Bu esa qonunlarning samarali ishlashiga to‘siq bo‘lmoqda”, deyiladi hisobotda.

AQSHdan O‘zbekistonga tavsiyalar:

  • majburiy mehnatga qarshi kurashda mavjud amaliyotni davom ettirish, hukumatning barcha bo‘g‘inlari tomonida majburiy mehnatga jalb qilishga chek qo‘yish, paxta ishlab chiqarish uchun qo‘yilgan mahalliy, minimal kvotalarni bekor qilish; 
  • barcha fuqarolarning o‘zlarining kasb majburiyatlaridan tashqari paxta terimida yoki boshqa ishlarda ishtirok etishdan “voz kechish huquqi” to‘g‘risida xabardor bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish;
  • birinchi marta majburiy mehnatga jalb qilish to‘liq jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishi bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish;
  • tegishli protseduralarga rioya qilib, tergovni kuchaytirish va yetarli dalillar mavjud bo‘lgan holda odam savdosi bilan shug‘ullangan shaxslarni, shu jumladan majburiy mehnatga jalb qilgan mansabdorlarni ta’qib qilish, sudlash va qamoqqa olish.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda O‘zbekiston bir pog‘ona pastda ya’ni, 2-darajali kuzatuvdagi davlatlar ro‘yxatida edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Odam savdosi

Baholaganlar

19

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing