O‘zbekiston elchisi Livan Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Livanga yangi tayinlangan elchisi Abdusalom Hotamov ushbu mamlakat Prezidenti Jozef Aunga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Prezident Jozef Aun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Livan bilan ikki tomonlama aloqalarini rivojlantirish maqsadida elchi tayinlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirib, o‘z salomlarini yo‘llagan. 

Shuningdek, O‘zbekiston elchisi Livan Tashqi ishlar vaziri Yusuf Rajji bilan ham uchrashgan. 

Tomonlar Livan va O‘zbekiston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lishini bildirish barobarida, turli darajalardagi ikki tomonlama tashriflar tashkil qilish, madaniyat kunlarini o‘tkazish va o‘zaro turistlar oqimini oshirish qaratilgan tadbirlar uyushtirish takliflarini qo‘llab-quvvatlagan.

Ma’lumot uchun, arab, rus va ingliz tillarini biluvchi diplomat 2018–2024 yillarda O‘zbekistonning Yekaterinburg (Rossiya) shahridagi Bosh konsulligini boshqargan. 53 yoshli Hotamov Toshkent davlat sharqshunoslik institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1993 yilda Buxoro viloyatidagi davlat tuzilmalarida boshlagan va Buxoro davlat universitetida arab tilidan dars bergan. 1999 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Abdusalom Hotamov 2024 yilning 4 fevral kuni O‘zbekistonning Ummondagi elchisi sifatida Maskat shahriga tashrif buyurgan edi. 2024 yil mart oyida esa u Ummon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidga ishonch yorliqlarini topshirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Livan Jozef Aun Abdusalom Hotamov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing