Uyida yo‘lbars va ilon boqqan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
21 may 11284 1 daqiqa
Toshkent viloyatining Toshkent tumanida o‘z yashash xonadonida 1 yo‘lbars va 4 dona yo‘lbarssimon ilon boqqan shaxs ushlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat Ekologiya boshqarmasi, Bosh prokuratura, viloyat Ichki ishlar boshqamasi hamda Milliy gvardiya hamkorligida navbatdagi nazorat reyd tadbiri o‘tkazilgan.
Reyd davomida tumanning “Tutzor” MFYda yashovchi Sh. A. tomonidan yashash xonadonida noqonuniy ravishda 1 dona Amur yo‘lbarsi va 7 dona yo‘lbarssimon piton ilonlari saqlanayotgani aniqlangan.
Bildirilishicha, yovvoyi hayvonlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan. Bosh prokuratura tomonidan holatga huquqiy baho berilmoqda.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 736-son qaroriga asosan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan ko‘pgina (ro‘yxat asosida) yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash hamda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish ta’qiqlanadi. Qarorga binoan, taqiqlangan hayvonlar faqatgina Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining tegishli ruxsatnomasiga ega yuridik shaxslar tomonidan hayvonot bog‘lari, pitomniklar (terrarium, okeanarium va boshqalar)da saqlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va viloyatida 80 dan ortiq yovvoyi hayvonlar tutqunlikda saqlab kelinayotgani aniqlangandi.