Urushlar to‘xtamayapti. Dunyoda mojarolar soni eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi
Olam
−
12 iyun 2025 4610 2 daqiqa
Dunyo bo‘ylab ishtirokchilarning kamida biri davlat bo‘lgan urushlar va mojarolar soni 2024 yilda yangi cho‘qqiga chiqdi. Dunyoning 36 ta davlatida 61 ta mojaro sodir bo‘ldi, bu Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyingi har bir yildagidan ko‘p. Bu haqda Oslodagi Tinchlik tadqiqotlari instituti (PRIO) olimlarining kecha, 11 iyun kuni chop etilgan tadqiqotida so‘z boradi.
Tadqiqotda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mojarolar soni ortib bormoqda. 2022 yilda 56 ta, 2023 yilda esa 59 ta mojaro sodir bo‘lgan. O‘tgan yili 61 davlatlararo mojarodan 11 tasi keng ko‘lamli urushlar bo‘lgan.
“2024 yilda “ikki urush hukmronlik qildi”. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi 76 mingga yaqin, G‘azodagi urush esa 26 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan”, deb yozadi hisobot mualliflari.
PRIO o‘zining “Mojarolar tendensiyalari: global sharh” hisobotida mojarolar qurbonlari soni 2023 va 2024 yillarda taxminan bir xil – 129 ming kishiga yaqin bo‘lganini yozadi. Biroq zo‘ravonlik darajasi so‘nggi o‘ttiz yillikdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori edi.
“Umuman olganda, 2024 yil 1989 yilda Sovuq urush tugaganidan beri qurolli mojarolar qurbonlari soni bo‘yicha to‘rtinchi yil bo‘ldi”, deb yozadi PRIO.
Hisobot mualliflari, shuningdek, hukumat urushayotgan tomonlardan biri bo‘lgan alohida davlatlar ichidagi mojarolarning kuchayishini xavotirli deb ataydi. Tadqiqotga ko‘ra, Afrika urushlardan eng ko‘p jabr ko‘rishda davom etmoqda, 28 ta davlat to‘qnashuvi qayd etilgan, bu o‘n yil avvalgidan deyarli ikki baravar ko‘p. Undan keyin 17 ta mojaro bilan Osiyo, 10 tasi bilan Yaqin Sharq, 3 tasi bilan Yevropa, 2 tasi bilan Amerikasi turadi.
Shu bilan birga, tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, o‘tgan yil davomida nodavlat nizolar soni biroz qisqargan: 2023 yildagi 80 tadan 2025 yilda 74 tagacha.
“Bugungi dunyo o‘n yil avvalgiga qaraganda ancha zo‘ravon va parchalanib ketgan. Global zo‘ravonlik kuchayib borayotgan sharoitda izolyatsiya qilish inson hayoti uchun uzoq muddatli oqibatlarga olib keladigan jiddiy xato bo‘ladi”, dedi institut direktori va yetakchi muallifi Siri Aas Rustad hisobotni taqdim etar ekan.
Live
Barchasi