Freedom House O‘zbekistonni “avtoritar” davlatlar qatorida qoldirdi
Jamiyat
−
29 aprel 2021
5711Inson huquqlarini himoya qiluvchi Freedom House 2020 yil yakunlari bo‘yicha jahon mamlakatlarining erkinlik darajasiga oid an’anaviy yillik hisobotini e’lon qildi. Unda tashkilot kuzatadigan mamlakatlarda demokratik vaziyat “ hozir o‘n yil oldingidan yomonroq”. Tashkilot yangi saylangan yetakchilar demokratik institutlarni parchalayotganini aytib, Yevropa va Yevroosiyodagi “aksildemokratik burilish”dan ogohlantirdi.
O‘zbekiston yangilangan reytingda erkinlik darajasi bo‘yicha 100 balldan 11 ball jamlab, “erkin bo‘lmagan” mamlakatlar qatorida qolgan.
Ammo hisobotda O‘zbekistonda “umid uchqunlari ko‘ringan”. 2020 yilda O‘zbekiston bilan birga Shimoliy Makedoniyada ham qator o‘zgarishlar bo‘lgan.
“Shimoliy Makedoniya va O‘zbekistondagi sa’y-harakatlar asta-sekin mahalliy darajadagi ijobiy o‘zgarishlarga olib keldi va natijalar yaxshilandi. Xususan, O‘zbekiston tashkilotning siyosiy erkinlik va Internet erkinligi reytingida 2019 yilga nisbatan bir pog‘onaga, demokratiya reytingida ikki pog‘onaga ko‘tarildi”, deyiladi tashkilot bayonotida.
O‘zbekistondagi siyosiy huquqlar eng yuqori 40 balldan 2 ballga, fuqarolik erkinliklari esa eng yuqori 60 balldan 9 ballga, jami 11 ballga baholangan. Shuningdek, internet erkinligi bo‘yicha ham O‘zbekiston 100 balldan 27 ball to‘plab, interneti erkin bo‘lmagan mamlakatlar qatoridan joy olgan. Umumiy hisobda O‘zbekiston tashkilot nazdida hamon “avtoritar” davlat bo‘lib qolyapti.
Freedom House’ga ko‘ra, O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi va sud tizimidagi islohotlar aholi hayotini yaxshilayapti, ammo bu o‘zgarishlar demokratiyani rivojlantirish va asl siyosiy plyuralizmni yaratishga yo‘naltirilmagan.
Tashkilot Yevropa va Yevroosiyodagi “umumiy demokratiya kuchi” so‘nggi 17 yildirki pasayib bormoqda, degan xulosaga kelgan.
2020 yil yakunlari bo‘yicha reytingda eng yuqori o‘rinlarni maksimal 100 ball bilan Yevropa davlatlari Finlyandiya, Norvegiya va Shvetsiya egallagan. Eng past natijalarni esa Tibet va Suriya 1 ball bilan, Turkmaniston, Eritreya, Janubiy Sudan (2 balldan) va Shimoliy Koreya (3 ball) egallagan.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari - Tojikiston (8 ball), Qozog‘iston (23 ball) va Qirg‘iziston (28 ball) ham “erkin bo‘lmagan” mamlakatlar qatoriga kiritilgan. Qirg‘iziston o‘tgan yili qisman erkin bo‘lgan davlatlar qatorida edi. Lekin Freedom House o‘tgan yilgi parlament saylovlarida fuqarolarning siyosiy huquqlari buzilishi ortidan mamlakat reytingini tushirib yubordi.
Osiyo qit’asidagi Janubiy Koreya, Yaponiya va Mo‘g‘uliston erkin mamlakatlar sifatida qayd etilgan.
Freedom House’ning bu yilgi hisobotida 195ta mamlakat va 15 ta hudud qamrab olingan. 82 ta davlat va 1ta hudud (kartada yashil) to‘liq erkin, 59 ta davlat va 4 ta hududda (sariq) qisman erkinlik bor. 54 ta davlat va 10 ta hudud (binafsharang) esa erkin bo‘lmaganlar qatoriga kiritilgan.
LiveBarchasi