Ukrainada Trampga va’da qilingan metall zaxiralari yo‘q – “Bloomberg”

Olam

image

Ukraina hukumati da’vo qilayotgan ulkan noyob yer metallarining zaxiralari AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlari bilan tasdiqlanmagan va dunyodagi barcha ma’danlar bazasida mavjud emas. Bu haqda “Bloomberg”ning xomashyo bozorlari bo‘yicha sharhlovchisi Xaver Blas ma’lum qildi.

Bildirilishicha, noyob yer metallariga 17 ta kimyoviy element, jumladan, disproziy, prazeodim, prometiy va skandiy kiradi. Biroq AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada faqat bitta element – skandiy qazib olinadigan kichik konlar bor.

Shuningdek, 1970 yilda Sovet Ittifoqi Novopoltava konini ochgan bo‘lib, u ham ayrim noyob yer elementlarini o‘z ichiga oladi. Lekin, so‘nggi 50 yilda ushbu kon ishlatilmagan, chunki bu minerallarni qazib olish juda qiyin. Ukraina hukumati ham undan foydalanish iqtisodiy jihatdan foydasiz bo‘lishini tan olgan.

AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, noyob yer metallarining eng katta zaxiralari Xitoyda 44 mln tonna, V’etnamda 22 mln tonna, Braziliyada 21 mln tonna, Rossiyada 10 mln tonna, Grenlandiyada 2 mln tonna mavjud. Blasga ko‘ra, ushbu ro‘yxatda Ukraina yo‘q.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainadan 500 milliard dollarlik noyob yer metallarini olishni xohlashini bildirgan edi. Biroq nashr sharhlovchisining hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyodagi barcha noyob yer metallari qazib olish hajmi yiliga atigi 15 milliard dollarni tashkil qiladi. Agar Ukraina butun dunyo ishlab chiqarishining 20 foizini amalga oshirgan taqdirda ham, bu mamlakatning bu sohadagi yillik daromadi 3 milliard dollarni tashkil qilgan bo‘lar edi.

“500 milliard dollarga yetish uchun AQSH Ukrainada 150 yildan ortiq vaqt davomida qazib olishni ta’minlashi kerak bo‘ladi”, deydi Blas.

Uning fikricha, Tramp noyob yer metallarini emas, barcha strategik minerallarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Biroq Ukraina yer osti boyliklaridan faqat titan va galliyning sanoat konlariga ega. Lekin ular ham 500 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin emas.  

Ma’lumot uchun, bu Vashingtonning geologik resurslarga oid xatolarni birinchi marta qilishi emas. 2010 yilda AQSH Afg‘onistonda 1 trillion dollarlik foydali qazilmalar topilganini e’lon qilgan edi. Ammo keyinchalik bu haqiqat emasligi tasdiqlangan. Blasning fikricha, Ukrainaga doir da’volar ham xuddi shunday xomxayol bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Donald Tramp agar AQSHga 500 milliard dollarlik nodir yer metallar yetkazib berish va’da qilinsa, Ukrainaga yordam davom ettirilishini bildirgan edi. Biroq 14 fevral kuni Germaniyada o‘tgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH bilan metallar bo‘yicha kelishuvni imzolashdan bosh tortdi. U hujjat AQSHga Ukrainadagi kelajakdagi foydali qazilma zaxiralarining 50 foiziga egalik qilish huquqini berishi kerak edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina xomashyo metall zaxiralari noyob er metallari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing