Ukraina Rossiyadan mingdan ortiq askarining jasadini qaytarib oldi

Olam

image

Ukraina janglar vaqtida halok bo‘lgan 1 ming 212 nafar harbiyning jasadini Rossiyadan qaytarib oldi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qaytarilgan harbiylar orasida Kursk, Xarkov, Zaporoje, Xerson, Donetsk va Lugansk hududidagi jangovar harakatlar vaqtida halok bo‘lganlar bor.

Ushbu qaytaruv ishlari Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ko‘magida amalga oshirilgan va Ukraina jarayonda ko‘rsatgan ko‘magi uchun qo‘mitaga minnatdorlik bildirgan. Yaqin kunlarda halok bo‘lganlarning jasadlari Ukraina Ichki ishlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillariga sud-tibbiyot ekspertizasi uchun topshirilishi ko‘zda tutilgan. 

“Huquqni muhofaza qilish organlari tergovchilari va Ichki ishlar vazirligining ekspert muassasalari bilan hamkorlikda halok bo‘lganlarning shaxsi imkon qadar tezda aniqlanadi”, deyiladi xabarda. 

Rossiya Davlat Dumasi deputati, harbiy operatsiya bo‘yicha parlament koordinatsiya guruhi vakili Shamsail Saraliyev RBK nashriga Ukraina tomoniga jasadlar topshirilganini tasdiqlagan.

“Men tasdiqlayman. Bugun jasadlar topshirish jarayoni haqiqatan ham amalga oshdi”, degan u. 

Qayd etilishicha, Ukraina tomoni Rossiya harbiylarining jasadlarini topshirishni ma’lum muddatga kechiktirgan. 

Ma’lumot uchun, urush boshlanganidan beri Rossiya va Ukraina 80 martadan ortiq asirlar almashinuvini amalga oshirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda tomonlar “har bir asirni uyiga qaytarish” tamoyili asosida kelishuvga erishgandi. 

Ukraina Mudofaa vaziri, delegatsiya rahbari Rustam Umarovga ko‘ra, tomonlar halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini “6000 ga 6000” formatida o‘zaro topshirishga ham kelishib olgan. Rossiya ham Kiyevga 6000 nafar halok bo‘lgan ukrainalik harbiy jasadini bir tomonlama topshirishga va’da bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya jasad Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing