Ukraina ilk bor fransuz qiruvchisini ishga soldi
Olam
−
07 mart 7609 2 daqiqa
Ukraina Qurolli kuchlari havo hujumi signaliga javoban birinchi marta Fransiyaning Mirage-2000 qiruvchilaridan foydalandi. Bu haqda Ukraina harbiy-havo kuchlarining Telegram-kanalida xabar berildi.
“Qiruvchi samolyotlar ham ishtirok etdi, xususan, F-16 va Mirage-2000 samolyotlari”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Ukrainaga bor-yo‘g‘i bir oy muqaddam yetib kelgan fransuz qiruvchilari havo hujumi signaliga javob berishda ilk bor qatnashgan.
6 fevral kuni Fransiya Qurolli kuchlar vaziri Sebastyan Lekornyu Fransiyaning birinchi Mirage 2000 samolyoti Ukrainaga yetkazilganini ma’lum qildi. U Parij qancha qiruvchi samolyot yetkazib berishni rejalashtirayotganiga aniqlik kiritmagan, biroq OAV xabarlariga ko‘ra, bu 6 ta samolyotdan ko‘p bo‘lmasligi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, bu qiruvchi samolyotlar zarba berish missiyalari uchun optimallashtirilgan, biroq havo nishonlariga ham zarba bera oladi.
Ma’lumot uchun, Mirage-2000 ko‘p maqsadli, to‘rtinchi avlod qiruvchi samolyoti bo‘lib, u 1970 yillarda Dassault kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. U havo nishonlarini tutib olishdan tortib, yer usti ob’ektlariga aniq zarbalar berishgacha bo‘lgan turli vazifalarni bajara oladi. Ushbu samolyot Fransiya aviatsiyasining eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri hisoblanadi.
Mirage-2000 dastlab yangi sovet qiruvchilariga raqobatchi sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, ilk parvozini 1978 yilda amalga oshirgan. Seriyali ishlab chiqarish esa 1980 yillarning boshida boshlangan. O‘shandan beri u bir qator harbiy mojarolarda ishtirok etib, o‘zining samaradorligi va ishonchliligini namoyish etgan.
Bu qiruvchi uzoq masofali SCALP va Storm Shadow raketalari hamda aqlli AASM Hammer aviabombalaridan foydalana oladi. Ukrainaga yetkazib berilgan Mirage 2000-5 versiyasi modernizatsiya qilingan bo‘lib, yerusti nishonlariga yanada samarali zarba bera olish imkoniyatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil iyun oyi boshida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga Mirage-2000 samolyotlari berilishi haqida ilk bor e’lon qilgan edi. 2024 yil dekabr oxirida Lekornyu ushbu qiruvchi samolyotlar 2025 yilning dastlabki uch oyi ichida to‘liq yetkazib berilishini aytdi. O‘shanda u samolyotlar yangi uskunalar, jumladan, yer-yer turidagi o‘t ochish tizimi va radioelektron kurash tizimi bilan jihozlanishini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi