Ukraina AQSHdan 90 mlrd dollarlik qurol sotib olmoqchi

Olam

image

Rossiya bilan urush tugaganidan so‘ng Ukraina AQSHdan 90 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ sotib olish niyatida. Dastlab “Financial Times” mamlakatning xarid taklifi bo‘yicha hujjatlariga tayanib, uning 100 mlrd dollarlik ekanini yozdi. Keyinroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq uyda jurnalistlar bilan birifingda xabarni tasdiqladi, biroq qurol-yarog‘ qiymati 90 mlrd dollarlik bo‘lishini aytdi.

“Darhaqiqat, u yerda bizning 90 milliard dollarlik takliflarimiz jamlangan paket bor”, deydi Ukraina Prezidenti.

Zelenskiyga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlari Ukrainaning hamkorlari tomonidan kengaytiriladi va qo‘shimcha tafsilotlar yaqin 7–10 kun ichida paydo bo‘ladi.

Hujjatda qayd etilishicha, AQSH qurolining xaridini Yevropa mamlakatlari moliyalashtiradi, biroq Kiyev aniq qaysi qurollarni olishni istayotgani ko‘rsatilmagan. Bungacha Kiyev shaharlarni va muhim infratuzilmasini himoya qilish uchun AQSHdan kamida 10 ta Patriot zenit-raketa majmuasini hamda ular uchun snaryadlarni sotib olish niyatini bildirgan.

Bundan tashqari, Kiyev Vashingtonga qiymati 50 milliard dollarlik dron ishlab chiqarish bo‘yicha bitim tuzishni taklif qilmoqda, unda Ukraina kompaniyalari ham ishtirok etadi. Biroq bu mablag‘ning qaysi qismi dronlarni xarid qilishga, qaysi qismi esa ularni ishlab chiqarishga yo‘naltirilishi noma’lum. Shuningdek, Ukraina tinchlik kelishuvi doirasida G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan 300 milliard dollarlik Rossiya aktivlari hisobidan urush oqibatida yetkazilgan zararni qoplashni talab qilmoqda.

Shuningdek, hujjatda “mustahkam tinchlik Putinga imtiyozlar va tekin sovg‘alar emas, balki kelajakdagi tajovuzlarning oldini oladigan ishonchli xavfsizlik tizimi asosida bo‘lishi kerakligi” qayd etilgan. Shu bois Ukraina hududiy imtiyozlarni nazarda tutadigan hech qanday kelishuvga bormaydi. Jumladan, Kiyev Vladimir Putinning Donbassdan ukrain qo‘shinlarini chiqarish evaziga Xerson va Zaporoje viloyatlarida front chizig‘ini muzlatish haqidagi taklifini rad etgan. Hujjatda bu “Rossiya qo‘shinlarining tezkorlik bilan Dneprga tomon yana ilgarilashi uchun tramplin yaratadi” va Rossiyaning “o‘z maqsadlariga boshqa vositalar orqali erishishiga imkon beradi”, deb qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni Vladimir Putin va Donald Tramp Alyaskada uchrashuv o‘tkazgandi. Muzokaralar yakunida Oq uy rahbari Rossiya Prezidenti bilan tinchlik bitimining ko‘plab parametrlarini kelishib olganini, jumladan, Ukraina xavfsizligi kafolatlarini berish masalasini ham muhokama qilganini aytdi. Keyinroq AQSH Prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoff tushuntirish berib, gap Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti nizomining 5-moddasida ko‘zda tutilgan kafolatlarga o‘xshash kafolatlar haqida ketayotganini aytdi. Unga ko‘ra, NATOga a’zo har qanday davlatga hujum – butun alyansga hujum hisoblanadi.

Kecha, 18 avgust kuni esa Tramp Oq uyda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va yevropalik yetakchilar bilan uchrashuvlar, shuningdek, Putin bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Shundan so‘ng, u Putin va Zelenskiy uchrashuviga tayyorgarlikni boshlaganini, undan keyin esa Trampning o‘zi ham ishtirok etadigan uch tomonlama sammit o‘tkazilishi kerakligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina qurol-yarog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing