Uchuvchi nasha chekib, samolyotni boshqardi (video)

Olam

image

Pxuketdan Dehliga uchayotgan Air India samolyoti parvoz vaqtida qariyb 90 metrga keskin pastlab, yo‘lovchilarning jarohatlanishiga sabab bo‘ldi. Hodisadan so‘ng o‘tkazilgan tekshiruvda esa samolyot kapitani nasha iste’mol qilgani aniqlandi. Bu haqda “The Independent” xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 4 avgust kuni Pxuket – Dehli yo‘nalishida parvoz qilayotgan samolyotda yuz bergan. Samolyot kryiz balandligida to‘satdan qariyb 300 fut, ya’ni 90 metrga pastlagan. Buning oqibatida kamida 24 nafar yo‘lovchi jarohatlangan, biroq samolyot keyinchalik xavfsiz qo‘ndirilgan.

Hodisadan keyin samolyot uchuvchilari giyohvand moddalar bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, kapitan topshirgan dastlabki test qo‘shimcha tekshiruvni talab qiladigan natijani ko‘rsatgan. Keyingi test esa uning nasha iste’mol qilganini tasdiqlagan.

Nashrning yozishicha, hozirda tergovchilar kapitan parvoz vaqtida qanday harakat qilganini ham o‘rganmoqda. Bort ekipaji avvalroq uning o‘zini to‘liq nazorat qila olmayotgani haqida aviakompaniyaga shikoyat qilgan.

Hisobotlarga ko‘ra, samolyot keskin pastlagan paytda kapitan o‘z o‘rnida bo‘lmagan. U ikkinchi uchuvchining ortida turib, konditsioner tizimi haqida gaplashayotgan vaqtda ogohlantirish signali ishga tushib, avtopilot o‘chgan. Ikkinchi uchuvchi samolyot burnini pastga yo‘naltirgan. Oqibatda samolyot keskin pastlab, kabinadagi buyumlar hamda ikki uchuvchi o‘z o‘rindiqlaridan ko‘tarilib ketgan. Kapitan o‘z joyiga qaytib, boshqaruvni qo‘lga olgan va samolyotni barqarorlashtirgan. Biroq ungacha samolyot qariyb 90 metrga pastlab ulgurgan.

Tergovchilar samolyotdagi ehtimoliy texnik nosozliklarni ham tekshirmoqda. Parvoz ma’lumotlarida avtopilotning uzilishi, lift bilan bog‘liq nosozlik va gidravlik tizimlarda bosim pasaygani qayd etilgan. Air India hodisaga qisqa muddatli turbulentlik sabab bo‘lganini bildirgan. Hindiston aviatsiya vazirligi esa yakuniy xulosa barcha texnik, tibbiy va boshqa dalillar o‘rganilgach berilishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanadada yo‘lovchi samolyoti bortidagi bola xavfsizlik kamarini taqishdan bosh tortgani sababli reys bekor qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing