Kanadada yosh bola sababli parvoz bekor qilindi

Olam

image

Kanadada yo‘lovchi samolyoti bortidagi bola xavfsizlik kamarini taqishdan bosh tortgani sababli reys bekor qilindi. Oqibatda yo‘lovchilar keyingi kungi reysga qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu haqda “BBC” xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea 6 avgust kuni Porter Airlines aviakompaniyasining Viktoriya shahridan Toronto tomon parvoz qilishi kerak bo‘lgan samolyotida yuz bergan. Parvozga tayyorgarlik vaqtida yosh bola o‘z o‘rindig‘ida tik turgan va xavfsizlik kamarini taqishdan bosh tortgan.

Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, bolaning ota-onasi hamda ekipaj a’zolari uni xavfsizlik kamarini taqishga ko‘ndirishga uringan, biroq bu urinishlar samara bermagan.

Shundan so‘ng ekipaj samolyotni terminalga qaytarishga qaror qilgan. Aviakompaniya “bunday xavfsiz bo‘lmagan sharoitda samolyot havoga ko‘tarila olmasligi”ni bildirgan va bola hamda unga hamrohlik qilayotgan ota-onani samolyotdan tushirgan.

Reysning kechikishi sababli samolyot yarim tunda uchish-qo‘nish yo‘lagi yopilgunga qadar parvozni amalga oshira olmagan. Shu bois barcha yo‘lovchilar keyingi kungi reysga qayta joylashtirilgan.

Bolalar aviatsiyasi xavfsizligi bo‘yicha ekspert Lia Tuso ekipajning qarorini to‘g‘ri deb baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kamarini taqmagan bola kuchli turbulentlik, ayniqsa, samolyot havoga ko‘tarilayotgan yoki qo‘nayotgan vaqtda, xavfli tarzda otilib ketishi va boshqa yo‘lovchilarga urilishi mumkin.

Biroq voqea ijtimoiy tarmoqlarda turli munozaralarga sabab bo‘lgan. Ayrimlar ota-onalar farzandlarining xatti-harakatlarini qat’iyroq nazorat qilishi kerakligini ta’kidlagan bo‘lsa, boshqalar ayrim bolalar samolyotdan qo‘rqishi yoki xavfsizlik kamarini taqishga qiynalishi mumkinligini bildirgan.

Reys yo‘lovchilaridan biri Ariye Kozuchning aytishicha, bola bezovtalik qilmagan, aksincha, qo‘rqib ketgandek ko‘ringan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bola o‘rindiq ostiga yashiringan va uni kamar bilan bog‘lashga urinishganda, yana o‘rindiq ostiga sirg‘alib kirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahridagi Sheremetevo xalqaro aeroportida reysga kechikkan 2 ayol samolyotga yetib olish uchun uchish-qo‘nish yo‘lagiga chiqib, samolyotni to‘xtatishga uringani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing