Dehlidagi yong‘in qurbonlari orasida o‘zbekistonliklar bormi?

Jamiyat

image

Avvalroq, Hindistonning Dehli shahridagi mehmonxonada yong‘in chiqqani va oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in qurbonlari orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mahalliy rasmiy manbalarning ma’lumotiga ko‘ra, fojia oqibatida 21 kishi halok bo‘lgan. Ularning kamida 17 nafari xorij davlatlari, jumladan, Liberiya, Nigeriya, Mozambik va Bangladesh fuqarolari. Ba’zi manbalar jabrlanganlar orasida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ham borligini qayd etmoqda.

Ushbu hodisa munosabati bilan O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Konsullik bo‘limi fojia tafsilotlarini aniqlash maqsadida zudlik bilan Hindistonning vakolatli organlari bilan bog‘langan. Olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yo‘q.

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi yuz bergan fojiali voqeani inobatga olgan holda Hindistonda bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini yashash joyini tanlashda jiddiy yondashishga chaqiradi.

Mehmonxonalar va boshqa joylashish vositalarini bron qilishda faoliyat yuritish uchun hujjat bilan tasdiqlangan ruxsatnoma va yong‘in xavfsizligi sertifikatlariga ega bo‘lgan ob’ektlarni tanlash, istiqomat qilinadigan joyda evakuatsiya chiqish yo‘llari va boshlang‘ich yong‘inga qarshi himoya vositalari mavjudligiga ishonch hosil qilish so‘raladi.

Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda, zudlik bilan Hindiston qutqaruv xizmatining 112 raqamiga hamda O‘zbekistonning Dehlidagi diplomatik missiyasi Konsullik bo‘limiga murojaat qilish lozim.

O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasining aloqa ma’lumotlari:

  • Manzil: EP40, Dr. S. Radhakrishnan Marg, Chanyakapuri, Nyu-Dehli, 110021
  • Konsullik bo‘limi telefoni: +91 94994 85962
  • E-mail: info.uzbekemassy@gmail.com
  • Telegram: @consuluzbindia_bot.
     

Maqola muallifi

Teglar

yong'in Hindiston Dehli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing