Turkiyada o‘zbekistonlikning kazinoda o‘ldirilishi bo‘yicha sud boshlandi
3-sahifa
−
15 aprel 11997 4 daqiqa
Yodingizda bo‘lsa, Turkiyaning Oydin viloyati Ko‘shk tumanida 2025 yil 5 iyul kuni tungi soat 03:30 atrofida o‘zbekistonlik 35 yoshli Muattar Aliyeva o‘zi ishlagan kazinoda boshidan o‘q uzilgani oqibatida halok bo‘lgandi.
Prokuratura uning o‘limi yuzasidan kazino egasi – hibsda saqlanayotgan Rashid Yasanga nisbatan “qasddan odam o‘ldirish” moddasi bilan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosini so‘ragandi.
Joriy yilning 13 aprel kuni Muattar Aliyeva o‘limi bo‘yicha ilk sud jarayoni o‘tkazildi. Bu haqda “Aydın ses gazetesi” xabar berdi.
Gumonlanuvchi Rashid Yasan bergan ko‘rsatmasida 90 foiz nogiron ekanini, o‘ng qo‘lidan foydalana olmasligini aytib, qotillikni sodir etmaganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, sud uning o‘ng qo‘li bo‘yicha tibbiy xulosa olinishi kerakligini bildirgan. Shuningdek, u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan hamda suddan oqlov so‘ragan.
Rashid Yasan muqaddam marhuma bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan. Sudda unga rashk sababli jinoyat sodir etgani haqida qo‘yilgan da’volarni inkor qilib, Muattar Aliyeva bilan munosabatlari “bir martalik” bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Odam sevgan ayolini o‘z qo‘li bilan boshqa erkakning oldiga yuboradimi? U mening sevgilim emasdi. Ahmad Ch. bilan munosabatini eshitgach, “menga boshqa telefon qilma, ajrashamiz”, dedim. U stol ustidagi qurolni oldi. “Seni ham otaman, o‘zimni ham otaman”, dedi va o‘rtaga qarata o‘q uzdi. Men to‘xtatishga harakat qildim, lekin o‘sha paytda yana bir marta o‘q uzildi. To‘sqinlik qila olmadim. Oldimga yiqildi. O‘sha zahotiyoq qonni to‘xtatishga urindim. Politsiyaga qo‘ng‘iroq qilganim uchun boshimga kelmagan kulfat qolmadi. O‘sha paytda o‘ng qo‘lim gipsda edi, bu haqda hujjatim ham bor. O‘ng qo‘limni umuman ishlata olmayman. Men o‘q uzmaganman”, degan Rashid Yasan.
Taxminan 7 soat davom etgan sud majlisida 4 nafar ayblanuvchi va 14 nafar guvohning ko‘rsatmasi tinglangan. Guvohlarning aksariyati Yasanning qarindoshlari ekani hamda ularning tergovdagi ko‘rsatmalari bilan suddagi bayonotlari o‘rtasida jiddiy tafovutlar borligi shubha uyg‘otgan.
Ayniqsa, Ahmad Ch. voqea paytida qurol Aliyevaning qo‘lida bo‘lganini, tortishuv chog‘ida bir marta o‘q uzilgani, qurolni tortib olish jarayonida esa ikkinchi marta o‘q otilganini aytgani e’tiborni tortgan.
Sud hay’ati ishni har tomonlama o‘rganish maqsadida muhim oraliq qarorlar chiqargan. Yasanning o‘ng qo‘li bo‘yicha tibbiy xulosa olinishi belgilangan. Shuningdek, Aliyevaning o‘limi yuzasidan Sud ekspertiza institutidan o‘q uzilgan masofa hamda qurol qaysi qo‘l bilan ishlatilganini aniqlovchi batafsil xulosa talab qilingan.
Bundan tashqari, sud voqea sodir bo‘lgan kazinoda tekshiruv o‘tkazishga va hali so‘roq qilinmagan guvohlarni ham tinglashga qaror qilgan.
Asosiy gumonlanuvchi Yasanni qamoqda saqlash ehtiyot chorasi o‘z kuchida qoldirilgan. Keyingi sud majlisi esa joriy yilning 3 iyul kuni o‘tkaziladi.
Tergov doirasida boshqa ayblanuvchilar – Emrah K., Ibrohim Y. va Akif D. ham qurol hamda kuzatuv kamerasi yozuvlarini yashirganlikda gumonlanayotgani ma’lum qilingan. Ularga qo‘yilgan “jinoyat dalillarini yo‘q qilish yoki yashirish” ayblovi bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.
Turkiyadagi o‘zbekistonlik ayollar bilan bog‘liq jinoyatlar
Avvalroq, Turkiyaning Balikesir viloyatidan 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘liyevaning jasadi topilib, O‘zbekistonga qaytarilgandi. Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, oldinroq Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgan edi.
Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.
Bundan tashqari, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol ozarbayjonlik shaxs tarafidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragandi.
Turkiyaning Istanbul viloyati Moltepa tumanida 2019 yilda yo‘qolgan deb qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik ayol eri tomonidan o‘ldirilib, chiqindiga tashlangani aniqlangandi.
Qolaversa, Turkiyaning Bodrum shahrida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 36 yoshli M.S. uyiga ketish uchun mingan avtomobilda ikki erkakning jinsiy tajovuziga uchragandi.
Live
Barchasi