Turkiya saylovlarga AQSH aralashuvi ehtimolidan ogohlantirildi
Olam
−
24 may 2023 5099 2 daqiqa
Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu vengriyalik mavqedoshi Shandor Pinter AQSHning respublikadagi saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinishlari munosabati bilan Anqarani ehtiyotkorroq bo‘lish haqida ogohlantirganini aytdi. Bu haqda bugun, 24 may kuni “Aydinlik” gazetasi xabar berdi.
“Qo‘shma Shtatlar nomidan turli mamlakatlardagi to‘q sariq inqiloblarni moliyalashtirgan Jorj Soros Vengriyadagi saylovlarga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Vengriya Ichki ishlar vaziri Shandor Pinter mening do‘stim, biz doimiy aloqadamiz. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovga ta’sir ko‘rsatish uchun mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSH g‘aznasidan keladi. U bizni ham ehtiyot bo‘lish haqida ogohlantirdi”, deydi Soylu.
Turkiya vazirining qo‘shimcha qilishicha, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban saylovlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng Soros va uning barcha odamlarini mamlakatdan chiqarib yuborgan.
Bundan tashqari, Soylu AQSHning Turkiya va Uyg‘urlar mavzusidan foydalanib Xitoyga zarba berishga urinishlariga e’tibor qaratgan. Uning aytishicha, AQSHning maqsadi Turkiyani respublikada yashayotgan uyg‘ur turklariga qarshi qadam tashlashga undash va bu bilan Xitoyga ma’lum darajada ta’sir o‘tkazishdir.
Ma’lumot uchun, Soylu oldin ham AQSH tomonidan Turkiyadagi saylovlarga aralashishga urinishlar haqida bir necha bor bayonot bergan edi. 14 may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish arafasida u AQSHning saylovlarga aralashish rejalari kuchayib borayotganiga, G‘arb matbuoti AQSH rejasini amalga oshirish uchun saylovlarga aralashayotganiga ishora qilgan. Bundan tashqari, u Qo‘shma Shtatlarni nomzodlardan biri Muharrem Injening prezidentlik poygasidan chiqib ketishiga sabab bo‘lgan uydirma videolarni tarqatishda ayblagan. Ichki ishlar vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaga qarshi barcha harakatlar ortida AQSH Prezidenti Jo Bayden turibdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Erdo‘g‘anning saylovdagi raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li Rossiyani Turkiyadagi prezidentlik saylovi arafasida ijtimoiy tarmoqlarda soxta materiallar tarqatganlikda ayblagandi. Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa uning ayblovini qat’iyan rad etib, bunday ma’lumotlar yolg‘onchilar tomonidan tarqatilayotganini ta’kidladi. Erdo‘g‘an esa raqibining ayblovlarini “uyatli” deb atadi.
Live
Barchasi