To‘labek Akramov: “Babayan bilan kelishib ishladik”
Sport
−
24 iyul 2019
5036Avvalroq Toshkentning “Lokomotiv” klubi bugun yangi futbolchilarni ommaga tanishtirgani haqida xabar bergan edik.
Oston O‘runov, Ariagner Medina Smit, Javohir Esonqulov, Javohir Sohibov, Ibrohim G‘anixonov, Tohir Rafayelov kabi futbolchilar “Lokomotiv” tarkibiga ko‘chib o‘tdi. Klub bosh direktori o‘rinbosari To‘labek Akramov “Lokomotiv” klubidagi o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi:
“Lokomotiv” odatda yozgi tanaffus vaqtida xorijga borar edi. Ammo davralar oralig‘i qisqa bo‘lganligi, shuningdek, asosiy futbolchilarimizning ko‘pchiligi yanvar oyidan buyon dam olmagani tufayli o‘z qarorgohimizda yig‘in o‘tkazishga qaror qildik. Yig‘in vaqtida o‘tkazilgan bir necha o‘rtoqlik o‘yinlarida murabbiylar futbolchilarning jismoniy holatiga e’tibor qaratishdi.
Jamoamizni Filipp Rayevats, Azizbek Haydarov va Husniddin G‘ofurov tark etdi. Ularning o‘rnini yosh futbolchilar bilan to‘ldirdik. Murabbiylar shtabi bilan kelishgan holda biz jamoani yoshartirishga, ya’ni, tajriba va yoshlikni mujassamlashtirishga harakat qildik.
E’tibor bersangiz, yangi olingan futbolchilarning katta qismi yosh yigitlar. Oston O‘runov 2000 yilda tug‘ilgan. Uning qanday imkoniyatlarga ega ekanligini hamma ko‘rdi.
Shuningdek, yosh va umidli futbolchimiz Tohir Rafayelov 2002 yilda tug‘ilgan va u ilk marta professional klub bilan shartnoma imzolamoqda. Ibrohim G‘anixonov ham endi 19 yoshga kirdi. Nikaragualik Ariagner Smit Medina 20 yoshga to‘lgan.
Bu kabi yoshlar orqali biz jamoaning fundamentini yanada mustahkamlab olishga ishonmoqdaman. Shuningdek, Javohir Esonqulov, Javohir Sohibov kabi tajribali futbolchilar ham “Lokomotiv” kuchiga kuch qo‘shadi”, dedi To‘labek Akramov.
Ma’lumot o‘rnida, Oston O‘runov – 6, Javohir Sohibov – 15, Medina Smit – 22, Tohir Rafayelov – 40, Ibrohim G‘anixonov – 18, Javohir Esonqulov – 21 raqamlarda o‘ynaydi.
“Lokomotiv” klubi 22 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq murabbiy Samvel Babayanga ishonch bildirib, uni jamoa murabbiyi etib tayinladi. Babayan jamoada ish boshlagach, yuqorida nomi keltirilgan yangi futbolchilarni taklif etdi. “Lokomotiv” Superliganing 13-turidan so‘ng 27 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. Superliga peshqadami sifatida “Paxtakor”da 35 ta ochko bor.