To‘qayev rus tilining yangi Konstitutsiyadagi maqomi haqida gapirdi
Olam
−
12 mart 4753 2 daqiqa
Qozog‘iston poytaxti Ostonada o‘tgan barcha darajadagi maslihat deputatlarining III respublika forumida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ayrim fuqarolarning yangi Konstitutsiyada rus tilining maqomi pasaytirilishi haqidagi bayonotlariga javob qaytardi. Bu haqda “Informburo” xabar berdi.
“Yangi konstitutsiya matnining teng yuridik kuchga ega bo‘lgan qozoq va rus tillarida rasmiy hujjat sifatida e’lon qilinganining o‘zi ko‘p narsadan dalolat beradi va bu izohlarga, ayniqsa, oqlanishga muhtoj emas”, deydi Qozog‘iston yetakchisi.
U asosiy qonun loyihasidagi normalarni tanqid qiluvchilarni savodsiz deb atagan.
“Bu yangi konstitutsiya loyihasida rus tili maqomining go‘yoki pasaytirilishi borasidagi nolalarga ham taalluqlidir. Ko‘plab uslubiy va grammatik xatolarga boy bu kabi maqolalarni o‘qish qiziq, ularning mualliflari rus tili uchun jon kuydirishadi-yu, lekin o‘zlari uni tuzuk-quruq bilishmaydi”, deydi To‘qayev.
Prezidentning fikricha, Qozog‘istonda “qozoq tilining maqomi go‘yoki kamsitilgani borasida vahima ko‘tarishga hech qanday hojat yo‘q”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 mart kuni Qozog‘istonda mamlakatning yangi Konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha respublika referendumi bo‘lib o‘tadi. Qozog‘iston asosiy qonunining yangi loyihasida rus tilining rasmiy maqomi saqlab qolingan, biroq uni qo‘llash ifodasi amaldagi Konstitutsiyaga nisbatan o‘zgartirilgan. 11 fevralda e’lon qilingan asosiy qonun loyihasiga ko‘ra, “davlat tashkilotlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarida qozoq tili bilan qatorida (naryadu) rus tili rasman qo‘llaniladi”. Amaldagi asosiy qonunda “qatorida” so‘zi o‘rniga “teng ravishda” (naravne) so‘zi ishlatilgan.
Live
Barchasi