To‘qayev rus tiliga bo‘lgan “mehribonchiligi” sababini tushuntirdi
Olam
−
08 noyabr 2023 9627 2 daqiqa
Rus tili MDHda mustahkamlovchi omil bo‘lib, Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni saqlashga hissa qo‘shadi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Izvestiya” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“O‘ylaymanki, bugungi kunda BMTning rasmiy tillaridan biri bo‘lgan va xalqaro til maqomiga ega bo‘lgan rus tili davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda jiddiy mustahkamlovchi omil, mintaqaviy aloqalar, hamkorlik va ishonchni rivojlantirishning samarali vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda”, deydi u.
U MDHda Xalqaro rus tili tashkilotini yaratish tashabbusini ilgari surishdan maqsadini ochiqladi.
“Men jahon tajribasiga asoslandim. Fransuz, nemis, ispan va boshqa tillarni rivojlantirish bo‘yicha tegishli xalqaro tuzilmalar yaratilgan”, deydi To‘qayev.
Shu bilan birga, Qozog‘iston rahbari rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish g‘oyasi MDH davlatlarining, shu jumladan Qozog‘istonning davlat til siyosatiga muqobil variant yaratishga qaratilmaganini urg‘ulagan.
“Bunda tashkilot MDHdan tashqaridagi boshqa mamlakatlarning qo‘shilishi uchun ochiq bo‘lishi muhimdir”, deydi Qozog‘iston rahbari.
Qozog‘iston Prezidenti ayni paytda Rossiya oliy o‘quv yurtlarida 60 mingdan ortiq qozog‘istonlik talaba tahsil olayotganini va bu tanlov, jumladan, til to‘siqlarining yo‘qligi bilan bog‘liqligini ham ta’kidladi. Qolaversa, Qozog‘istonning o‘zida ham Rossiya universitetlarining filiallari ochilmoqda. Bu tendensiya o‘rta ta’limga ham tegishli.
“Xalqlarimizning tarixiy-madaniy mushtarakligini inobatga olgan holda, o‘rta ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor. Qozog‘istonning janubiy viloyatlarida Qozog‘iston-Rossiya qo‘shma ta’lim tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda”, deydi u.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 9 noyabrga rejalashtirilgan Qozog‘istonga tashrifi oldidan “Kazaxstanskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayevga Xalqaro rus tili tashkilotini tuzish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, bu MDH mamlakatlari xalqlarini yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari sammitida rus tili Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida millatlararo til sifatida tan olindi. Bishkekda o‘tgan sammitda MDH davlat rahbarlarining rus tilini millatlararo muloqot tili sifatida qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish to‘g‘risidagi bayoni imzolangan. Shuningdek, yig‘ilgan barcha davlat rahbarlari “Xalqaro rus tili tashkilotini ta’sis etish to‘g‘risida”gi shartnomaga ham e’tirozsiz imzo chekkan.