Trampning odami Pahlaviy bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazdi – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uittkoff o‘tgan dam olish kunlari (10-11 yanvar) Eron so‘nggi shohining o‘g‘li Rizo Pahlaviy bilan yashirin uchrashuv o‘tkazib, Islom Respublikasini qamrab olgan norozilik namoyishlarini muhokama qilgan. Bu haqda nomi oshkor etilmagan amerikalik amaldorga tayanib, “Axios” xabar berdi.

Nashrning qayd etishicha, Rizo Pahlaviy o‘zini Eronda rejim almashgan taqdirda ehtimoliy “o‘tish davri yetakchisi” sifatida ko‘rsatmoqda. So‘nggi ikki hafta davomida u AQSH telekanallarida faol chiqish qilib, Trampni vaziyatga aralashishga va noroziliklarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirib kelmoqda. Biroq portal manbasiga ko‘ra, AQSH Prezidenti ma’muriyati ayrim namoyishlarda ishtirokchilar Pahlaviy nomini shior sifatida hayqira boshlaganidan hayratda qolgan.

Tramp Erondagi vaziyat rivoji haqida fikr bildirar ekan, Pahlaviyni “yaxshi inson” deb atagan, biroq hozircha AQSH Prezidenti maqomida u bilan uchrashishni o‘rinli deb hisoblamasligini aytgan. 

Ma’lumot uchun, Rizo Pahlaviy – Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviy va malika Farah Pahlaviyning to‘ng‘ich o‘g‘li. 1967 yilda otasining toj kiyish marosimida u rasman Eron valiahd shahzodasi, deb e’lon qilingan. 1979 yilda Eronda inqilob sodir bo‘lgan paytda Pahlaviy 19 yoshda bo‘lgan va AQSHda harbiy uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan edi.

Shundan buyon Rizo Pahlaviy AQSHda yashab keladi. Uning tarafdorlari Pahlaviyni Eron muxolifatidagi dunyoga eng taniqli, tinch islohotlar tarafdori bo‘lgan yagona shaxs deb biladi. Tanqidchilar esa Eron aholisi muhojirlikdan kelgan yetakchiga ishonishi qiyinligini ta’kidlaydi.

Tehronda norozilik namoyishlari 28 dekabr kuni boshlangan va tez orada boshqa shaharlarni ham qamrab olgan. Norozilikka keskin narxlar oshishi va eron riali kursining AQSH dollariga nisbatan qulashiga sabab bo‘lgan. OAVga ko‘ra, tartibsizliklar vaqtida qariyb 12 ming kishi halok bo‘lgan.

Eron rasmiylari norozilik namoyishlariga AQSH va Isroilni aloqadorlikda ayblamoqda. Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibafning aytishicha, harbiy harakatlar boshlangan taqdirda Isroil hududi, shuningdek mintaqadagi AQSH bazalari va kemalari “qonuniy nishonlar”ga aylanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Rizo Pahlaviy Stiv Uittkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing