Trampning boj tariflari Kanada iqtisodiyotini tanazzulga uchratishi mumkin – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning Kanadadan import qilinadigan mahsulotlarga boj joriy etish qarori ushbu mamlakat iqtisodiyotini tanazzulga olib borishi, hatto uch yilgacha iqtisodiy o‘sishni yo‘qqa chiqarishi mumkin. Bu haqda Royal Bank of Canada hisobotiga va tahlilchilarning prognozlariga asoslanib, “The Globe and Mail” gazetasi xabar berdi.

Mutaxassislarning baholashicha, AQSH va Kanada o‘rtasidagi bo‘lajak boj tariflari urushi ikki davlat savdo munosabatlari uchun 1930 yillardan beri eng katta zarba bo‘lishi mumkin. Shuningdek, iqtisodchilar ishsizlik darajasi hozirgi 6,7 foizdan yana 2-3 foiz punktga oshishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Bunday holatda bu ko‘rsatkich 2020 yil kuzidagi pandemiya lokdauni davridagi darajaga yetadi.

Bank of Montreal bosh iqtisodchisi Dug Porterning fikricha, 2025 yilda Kanadada “yumshoq turg‘unlik” yuz berishi mumkin. RSM Canada konsalting kompaniyasi iqtisodchisi Tu Nguyen esa Kanada iqtisodiyoti 2025 yilda 2 foiz qisqarishini taxmin qilmoqda. Agar bu prognoz amalga oshsa, Tramp tariflar joriy etishidan oldin aytilgan 1,8 foiz pasayish prognozidan ham kattaroq iqtisodiy qulash kuzatiladi.

“The Globe and Mail” gazetasiga ko‘ra, hali kuchga kirmagan tariflar ham Kanada kompaniyalari uchun muammolar tug‘dirmoqda. Xususan, Kvebekdagi yirik metall konstruksiyalar ishlab chiqaruvchisi Canam Group AQSHdagi qurilish loyihalarida ishtirok etgan bo‘lib, endilikda tariflarning shartnomalarga ta’siri tufayli amerikalik mijozlari bilan qiyin muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek, Kanadadan import qilinadigan energiya resurslariga 10 foiz tarif qo‘llanilishi AQSHda benzin, dizel va aviatsiya yoqilg‘isi narxlarini oshishiga olib kelishi mumkin.

Kanada konchilik assotsiatsiyasi rahbari Per Gratton Tramp tariflari Shimoliy Amerikadagi muhim qazilma boyliklar ta’minot zanjiriga tahdid solishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Bu tariflar mineral resurslar va metallarning asosiy oqimini izdan chiqaradi, ta’minot zanjirlarining zaifligini kuchaytiradi va AQSH mijozlari uchun biznes xarajatlarini oshiradi” deydi u.

Grattonning fikricha, Kanada minerallari va metallariga boj qo‘llash AQSH milliy xavfsizligi va iqtisodiy manfaatlariga zid.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 fevral kuni Donald Tramp Kanada, Xitoy va Meksikadan import qilinadigan tovarlarga tariflar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Hujjatga ko‘ra:

  • Meksika va Kanadadan import qilinadigan mahsulotlarga 25 foiz boj joriy etildi;
  • Kanadadan import qilinadigan energiya resurslariga alohida 10 foiz boj belgilandi.
  • Xitoy mahsulotlariga qo‘shimcha 10 foiz boj kiritildi.

Bunga javoban Kanada hukumati ham AQSH mahsulotlariga 25 foiz boj joriy etdi. Bu choralar 106,5 milliard AQSH dollari miqdoridagi importni qamrab oladi. Bosh vazir Jastin Tryudo Ottava AQSHga muhim minerallar va energetika sohasida qo‘shimcha cheklov choralarini ko‘rib chiqayotganini ham ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Kanada

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing