Tramp va Putin sammitiga tayyorgarlik davom etmoqda – Orban
Olam
−
23 Oktabr 2831 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishtirokida Vengriyaning Budapesht shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvga tayyorgarlik davom etmoqda. Bu haqda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Facebook sahifasida yozib qoldirdi.
“Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Vashingtonda. Tinchlik sammitiga tayyorgarlik davom etmoqda. Sana hali belgilanmagan. Vaqti kelganda biz uni o‘tkazamiz”, deya post qoldirgan Orban.
O‘z navbatida, Peter Siyyarto Rossiya va AQSH Prezidentlari sammiti bekor qilinmoqda, degan gaplarni noto‘g‘ri deb atagan. Uning fikricha, bunga sabab – tomonlar aniq sanani kelishib olmaganidir.
“Men bu sammit bo‘lishiga juda umid qilaman. Sana hali e’lon qilinmagan bir paytda, qanday qilib ko‘chirish haqida so‘z yuritish mumkinligini tushunmayman”, degan Vengriya TIV rahbari.
Venger vaziriga ko‘ra, tadbirga tayyorgarlik davom etmoqda va Budapesht o‘z tomonidan uchrashuv bo‘lib o‘tishi uchun “qo‘lidan kelgan barcha ishni” qilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashib, sammit tafsilotlarini muhokama qilishi kerak. Siyyarto bu uchrashuvdan so‘ng vaziyat “yanada aniqroq bo‘lishiga” umid bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 16 oktyabr kuni Vladimir Putin va Donald Tramp telefon orqali suhbatlashgandi. Suhbat taxminan ikki soat davom etdi. Muloqot yakunida ular joriy yilda ikkinchi shaxsiy uchrashuvni o‘tkazishga kelishib oldi va uning joyi sifatida Budapesht tanlandi. Suhbatdan so‘ng Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasidagi muzokaralar ortidan AQSH OAVlari Oq uy rasmiysiga tayanib, sammitga tayyorgarlik vaqtincha to‘xtatilganini xabar qilgan edi. Shundan so‘ng, Tramp jurnalistlarga uchrashuv bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini aytgan.
Live
Barchasi