Tramp va Putin Vengriyada uchrashadi
Olam
−
17 Oktabr 5967 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Vengriya poytaxti Budapeshtda uchrashish va yangi muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi. Bu haqda Oq uy rahbari kecha, 16 oktyabr kuni Putin bilan bo‘lgan telefon suhbatidan so‘ng, o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Trampning aytishicha, u Putin bilan “Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi sharmandali urushni tugatish imkoniyatini muhokama qilish” uchun uchrashmoqchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv oldidan ikki davlat Prezidentlarining maslahatchilari uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, unda AQSH delegatsiyasiga Davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qiladi.
“Ertaga men Oq uyda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashaman. U bilan Putin bilan bo‘lgan suhbatimni va boshqa muhim masalalarni muhokama qilamiz. Bugungi telefon orqali suhbatimiz ilgari siljishga sabab bo‘ldi, deb hisoblayman”, deya yozgan Tramp.
U, shuningdek, Putin uni Isroil va Falastin harakati HAMAS o‘rtasidagi urushning tugatilishi bilan tabriklaganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv muzokaralariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Putin birinchi xonim Melaniyaga bolalar ishlariga bo‘lgan e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi. U buni yuqori baholadi va bu hamkorlik davom etishini ta’kidladi. Shuningdek, biz Ukrainadagi urush tugaganidan keyin Rossiya va AQSH o‘rtasidagi savdo munosabatlarini ham muhokama qildik”, degan AQSH rahbari.
Qayd etish joiz, bir necha kun oldin Donald Tramp Zelenskiyning Ukraina hujumga o‘tish rejasini muhokama qilishni xohlayotganini ma’lum qilgan edi. Zelenskiy Vashingtonga safar qilishini tasdiqlab, bu safarning maqsadi – “AQSH Prezidentiga taklif etiladigan Ukraina rejasi bo‘yicha harakatlar izchilligini muhokama qilish” ekanini aytgandi. Shuningdek, u ayrim mudofaa kompaniyalari va senator hamda kongressmenlar bilan ham uchrashishni rejalashtirgan.