Tramp Ukrainaga Tomahawk raketalarini yuborishni rad etdi
Olam
−
03 noyabr 4127 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kiyevga Tomahawk raketalarini yuborishni rejalashtirmayotganini aytdi. Bu haqda Oq uy rahbari kecha, 2 noyabr kuni Air Force One bortida jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda ma’lum qildi.
Muxbirlar Trampdan AQSH bu raketalarni Ukrainaga berishni o‘ylayaptimi, deb so‘ragan va Tramp ularga “yo‘q” deya javob bergan.
Oq uy rahbari, shuningdek, janglar hali davom etishiga ishora qilgan.
“Ikkala tomon ham jang qilmoqda. Ular uchun ham qiyin. Ba’zan kurashni davom ettirish kerak”, degan Tramp.
Bundan tashqari, Amerika rahbari muzlatilgan Rossiya aktivlarini musodara qilish bo‘yicha muzokaralarda qatnashmayotganini aytgan.
Qolaversa, u Zelenskiy Kiyev AQSHdan Tomahawk’ka o‘xshash qurollarni so‘rayotganini aytgan, ammo unga nisbatan AQSHning javobi qanday bo‘lgani haqida Tramp gapirmagan.
Oktyabr oyi oxirida CNN nashri manbalarga tayanib, Pentagon Kiyevga uzoq masofali Tomahawk raketalarini topshirishga ruxsat bergani va bu Amerika arsenallariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi va yakuniy qarorni Trampga qoldirganini xabar qildi.
Qayd etish joiz, Tramp Oq uyda ukrainalik mavqedoshi Vladimir Zelenskiy bilan so‘nggi uchrashuvida Kiyev yaqin orada Tomahawk raketalarini olishini kutmasligi kerakligini aytgandi. Manbalarga ko‘ra, Tramp ochiqchasiga gapirgan va uning ustuvor vazifasi “urushni tugatish” ekanini ta’kidlagan. Biroq, bundan oldin Oq uy rahbari Tomahawk raketalarini Kiyevga topshirish haqida “deyarli qaror qabul qilganini” aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda Amerikaning uzoq masofali Tomahawk qanotli raketalaridan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlar olti oydan bir yilgacha davom etishi haqida aytgandi.
Live
Barchasi