Tramp ma’muriyati Kuba bilan kutilmagan kelishuv tayyorlamoqda – OAV
Olam
−
09 mart 2894 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Kuba bilan iqtisodiy kelishuv tayyorlamoqda. Uning tafsilotlari hozircha oshkor etilmayapti. Bu haqda ikki manbaga tayanib, USA Today xabar berdi.
Gazetaning yozishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kuba bilan iqtisodiy kelishuv tayyorlamoqda va bu haqda yaqin orada e’lon qilinishi mumkin. Taxmin qilinayotgan kelishuv tafsilotlari va aniq muddati hozircha noma’lum.
“Kelishuv amerikaliklarning Gavanaga sayohat qilishlari bo‘yicha cheklovlarni yumshatishni o‘z ichiga olishi mumkin. Trampga bu kabi cheklovlarni yumshatish uchun Kongress roziligi talab etilmaydi”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, kelishuv doirasida go‘yoki Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel uchun orolni tark etish va Kastro oilasi uchun unda qolish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, hujjat portlardan foydalanish, energetika va turizm bo‘yicha bo‘limlarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Bungacha Donald Tramp Davlat kotibi Marko Rubio kelishuvga erishish uchun Kuba hukumati bilan muzokaralar olib borayotganini ochiqchasiga ma’lum qilgan.
“Unda (Kubada) ajoyib yangi hayot bo‘ladi, lekin hozir u o‘z hayotining oxirgi lahzalarini boshidan kechirmoqda”, deydi Amerika yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Donald Tramp agar Kuba zudlik bilan “kelishuv tuzmasa”, uni qandaydir oqibatlar bilan qo‘rqitgan va Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin Kubaga Venesuela pullari va nefti oqimi to‘xtashini aytgan edi.
Keyinchalik Oq uy rahbari Venesueladan neft yetkazib berish to‘xtatilganidan so‘ng Kuba halokat yoqasida turganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Donald Tramp Kuba tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid tufayli AQSHda favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ushbu hujjat tufayli Qo‘shma Shtatlar Kubaga bevosita yoki bilvosita neft yetkazib beradigan har qanday davlatdan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha bojlar joriy etishi mumkin bo‘ladi. Bunga javoban Kuba rasmiylari AQSHni tajovuz va tovlamachilikda aybladi.
Live
Barchasi