Tramp 500 ming nafar muhojirni huquqiy maqomidan mahrum qiladi
Olam
−
31 may 2723 2 daqiqa
AQSH Oliy sudi Prezident Donald Trampga 500 mingdan ortiq muhojirni huquqiy maqomidan mahrum qilish huquqini berdi. Bu haqda sudning tegishli qarorida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan kelib, Jo Bayden davrida maxsus gumanitar dasturlar asosida AQSHda vaqtincha yashash huquqiga ega bo‘lgan migrantlar endi bu maqomdan mahrum qilinishi mumkin.
Ma’lumot uchun, bungacha quyi instansiya sudlari AQSH hukumati tomonidan to‘rtta Lotin Amerikasi davlati – Venesuela, Gaiti, Kuba va Nikaraguadan bo‘lgan 532 ming migrantga berilgan vaqtinchalik huquqiy maqomni bekor qilish urinishini rad etgan. Ular Ichki xavfsizlik departamenti har bir shaxs ishini individual tarzda tahlil qilmaganini ta’kidlab, hukumatning harakatlarini qonuniy deb topmagan.
Biroq AQSH Oliy sudi endi bu qarorni bekor qildi va rasmiy Vashingtonga bu migrantlarning maqomini yo‘q qilish imkonini berdi. Bu degani, ular deportatsiya xavfi ostida qolmoqda. Shunga qaramay, ushbu qaror boshqa davlatlar, xususan, Afg‘oniston va Ukrainadan kelgan fuqarolarga taalluqli emas – ularning vaqtinchalik huquqiy maqomi saqlab qolinmoqda.
Avvalgi dasturga ko‘ra, Venesuela, Gaiti, Kuba va Nikaraguadan bo‘lgan shaxslar AQSHga kirish uchun oldindan ariza topshirib, ikki yilga mehnat ruxsatnomasini olishlari mumkin bo‘lgan. Buning uchun ular AQSHda yashayotgan homiy topishlari shart edi. Bu tashabbusni respublikachilar doimiy ravishda keskin tanqid qilib kelgan.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp ma’muriyati AQSHdan 1 million noqonuniy muhojirni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda. AQSH Ichki xavfsizlik departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri mamlakatdan 117 ming kishi chiqarib yuborilgan.
Shuningdek, Vashington 30 davlat bilan u ularning fuqarosi bo‘lmagan migrantlarni ham deportatsiya qilish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Oq uy esa endilikda deportatsiya qilinganlar soni bo‘yicha rasmiy statistikani e’lon qilishni to‘xtatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH immigratsiya rasmiylari Donald Trampga suiqasd qilish bilan tahdid qilgan, Meksikadan kelgan noqonuniy muhojirni hibsga olgandi.
Live
Barchasi