Tramp Hindistonga Rossiyadan neft sotib olgani uchun 25 foizlik boj joriy qildi
Olam
−
06 avgust 3578 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindiston Rossiyadan neft xarid qilgani sababli bu mamlakatga nisbatan 25 foizlik boj joriy etilishi to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Bu haqda CNBC xabar berdi.
Trampga ko‘ra, Hindiston hukumati hozirda to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita Rossiyadan neft import qilmoqda. Shu bois, AQSH bojxonasiga kelayotgan Hindiston mahsulotlariga qo‘shimcha 25 foiz advalor (ya’ni tovar qiymatiga nisbatan hisoblanadigan) boj solinadi. Bu bojlar farmon imzolangan kundan 21 kun o‘tib kuchga kiradi.
Qayd etish joiz, yangi bojlar tufayli Hindistondan AQSHga olib kiriladigan tovarlarga jami boj stavkasi 50 foizga yetadi.
1 avgust kuni AQSH hukumati Hindistondan olib kiriladigan tovarlarga 25 foiz boj joriy etilishini e’lon qilgandi. Bu chora AQSHning Hindiston bilan savdo balansidagi kamomadni kamaytirish maqsadida ko‘rilgan. Tariflar 7 avgust kuni kuchga kirishi rejalashtirilgandi.
Tramp Hindiston Rossiyadan harbiy texnika va energiya manbalarini xarid qilgani uchun ham “jazolanishi” kerakligini aytdi. U Hindiston nafaqat katta miqdorda Rossiya neftini sotib olayotgani, balki bu neftni ochiq bozorda qayta sotib, katta foyda olayotganini ta’kidladi.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi bu tanqidlarni asossiz deb atadi.
“Hindiston Rossiyadan neft sotib olishga majbur. Bizni tanqid qilayotgan mamlakatlarning o‘zlari ham Rossiya bilan savdoni davom ettirmoqda. Biroq ularning bunday harakatlari hayotiy milliy zaruratdan kelib chiqmaydi”, deyiladi Hindiston tomonining javobida.
Hindiston vakillarining tushuntirishicha, Ukraina urushi boshlanganidan keyin an’anaviy neft yetkazib beruvchilar Yevropaga yo‘nalgan, AQSH esa o‘zi ham Hindistonga Rossiya neftini sotib olishni ma’qullagan, bu global energiya bozoridagi barqarorlik uchun kerak bo‘lgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Kreml boshqa davlatlarni Rossiya bilan savdoni to‘xtatishga majburlash urinishlarini noqonuniy deb hisoblaydi.
Live
Barchasi