Tojikiston muftiysi botoks va tatuirovkalarni tanqid qildi (video)
Olam
−
21 Oktabr 2025 5831 2 daqiqa
Tojikiston bosh muftiysi Saidmukarram Abdulqodirzoda o‘z nutqida botoks yordamida lab va yuzni kattalashtirish, shuningdek, tanaga tatuirovka qo‘llashni tanqid qilib, bu amallarni harom deb atadi. Bu haqda “Avesta” xabar berdi.
Muftiyning so‘zlariga ko‘ra, boshqalardan ta’sirlangan holda, ko‘pchilik qizlarga lablariga ukol qilish, yuz konturini chizish salbiy oqibatlarga olib keladi va gunoh sanaladi. Abdulqodirzodaning ta’kidlashicha, burun, quloq va boshqa yuz konturlari kabi kosmetik o‘zgarishlar so‘nggi yillarda tobora ommalashib bormoqda, biroq islom dini bunday ishlarni taqiqlaydi.
“Tana omonat, muqaddas sovg‘adir va bu har kim u bilan xohlagan narsani qila oladi – quloq yoki burun shaklini o‘zgartira oladi, degani emas, tibbiy zarurat hollari bundan mustasno”, dedi muftiy.
Shuningdek, u inson o‘z tanasidan tabiiy holda xursand bo‘lishi va uni uzrli sabablarsiz o‘zgartirmasligi kerakligini ta’kidladi.
Saidmukarram Abdulqodirzodaga ko‘ra, tabiiy ko‘rinishni saqlash – ma’naviy va jismoniy salomatlikni mustahkamlaydi, kosmetik muolajalardan ortiqcha foydalanish esa ham ma’naviy, ham jismoniy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Muftiy aholi, ayniqsa, yoshlarni an’anaviy va diniy qadriyatlarga amal qilish, o‘z tanasini hurmat qilish, diniy me’yorlarga zid moda oqimlari ta’siriga berilmaslikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda mamlakat bosh muftiysi Saidmukarram Abdulqodirzodaga pichoq bilan hujum uyushtirilgandi. Oqibatda muftiy yaralangan, biroq uni shifoxonaga yotqizish talab qilinmagandi. Hujum qilgan shaxs esa qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoiy ish ochilgandi. Yigit esa 26 yilga qamalgandi.