“Tottenxem”ning sobiq futbolchisi FIFA prezidenti bo‘lmoqchi
Sport
−
16:30 728 2 daqiqa
“Tottenxem” va Shveysariya terma jamoasining sobiq himoyachisi Ramon Vega FIFA prezidenti saylovida amaldagi rahbar Janni Infantinoning raqibi sifatida ishtirok etish niyatini ma’lum qildi. Bu haqda “The 42” nashri xabar berdi.
55 yoshli Vega o‘z nomzodini ilgari surish qarorini futbolga xizmat qilish istagi bilan izohladi.
“Men nomzodimni qo‘yaman, chunki butun hayotim meni futbolga xizmat qilishga tayyorladi. Futbolning yaxlitligi, undagi insonlar va uning kelajagini himoya qilish mening burchim va ijtimoiy mas’uliyatim, deb hisoblayman. Futbol oilasidagi ishonchga jiddiy putur yetdi. Biz uni tiklashimiz, FIFA obro‘sini qayta tiklashimiz va jahon futboli oilasini birlashtirishimiz kerak”, deydi Vega.
U 11 sahifalik bayonotida FIFA’ning amaldagi rahbariyatini “o‘yinni ruhsizlantirish” va tashkilotga bo‘lgan ishonchni pasaytirishda aybladi.
“Futbol reanimatsiyada, hayotni ta’minlash apparatlariga ulangan holatda. Biz endi kutib tura olmaymiz. FIFA’ga yangi yo‘nalish va tub islohotlar kerak. Futbol oilasini qayta birlashtirishimiz, ishonchni tiklashimiz, barqarorlikni ta’minlashimiz va FIFA boshqaruvini modernizatsiya qilishimiz lozim. Bu kosmetik o‘zgarishlarni emas, qat’iy islohotlarni talab qiladi”, deya ta’kidladi u.
Vega 2023 yilgi FIFA prezidenti saylovida ham nomzodini qo‘yishga uringan, ammo saylovda ishtirok etish uchun zarur miqdorda qo‘llab-quvvatlov to‘play olmagan. Bu safar Veganing nomzodi ko‘rib chiqilishi uchun FIFA’ga a’zo 211 ta milliy federatsiyadan kamida beshtasining qo‘llab-quvvatlovini olishi talab etiladi.
Ma’lumot uchun, Vega 1989-2003 yillar davomida professional futbol o‘ynagan. U “Grassxoppers”, “Kalyari”, “Tottenxem”, “Uotford”, “Seltik” va “Kretey” klublari sharafini himoya qilgan. Shveysariya terma jamoasi safida esa 23 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikki gol urgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Infantino 2027 yil 18 mart kuni Rabotda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidenti saylovida yana bir muddatga nomzodini qo‘yishini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi