Toshkentda “aytishnik” firma hisobidan 1 mlrd so‘mdan ko‘p pul o‘g‘irladi (video)
3-sahifa
−
31 iyul 1852 1 daqiqa
Toshkent shahrining Mirobod tumanida IT mutaxassisi bo‘lib ishlagan fuqaro firma hisob raqamidan 1 milliard 43 million 108 ming so‘m mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mirobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga poytaxtdagi kompaniyalardan birining hisob raqamidan katta miqdordagi pul mablag‘lari o‘g‘irlangani yuzasidan murojaat kelib tushgan. Tezkor tadbirlar davomida Mirobod tumani kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari mazkur kompaniyada IT mutaxassisi bo‘lib ishlagan yigitni qo‘lga olgan.
Aniqlanishicha, u kompaniya hisobidagi mablag‘larni o‘zi oldindan tayyorlagan bank hisob raqamiga bosqichma-bosqich o‘tkazib kelgan. Gumonlanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lib, pullarni yaqin vaqt ichida qaytarishini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi ofislarning biridan 880 million so‘mni o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi