Toshkent viloyatida 3 bola suvda cho‘kib, halok bo‘ldi (video)
3-sahifa
−
15 iyun 10037 1 daqiqa
Toshkent viloyatining Parkent tumanida 3 nafar voyaga yetmagan bola suv havzasida cho‘kib, vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, voqea kecha, 14 iyun kuni viloyatning Parkent tumanida sodir bo‘lgan. Bolalar tumandan oqib o‘tuvchi Parkentsoyning qurigan o‘zanida hosil bo‘lgan ko‘lmakka cho‘milishga borgan. Cho‘milish paytida 3 bola suvda cho‘kib, halok bo‘lgan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilgan.
Tekshirishda mutasaddi tashkilotlar tomonidan Parkentsoy kanalidagi suv oqim bo‘ylab hosil bo‘lgan, chuqurligi taxminan 2 metrni tashkil etgan, 20*40 m2 o‘lchamdagi suv havzasida taqiqlovchi belgilar o‘rnatilmagani, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmagani, yoxud sun’iy tashkil topgan suv havzasini bartaraf etish choralari ko‘rilmagani aniqlangan.
Ushbu voqea bo‘yicha Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) va 207- moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi 6-sonli maktabning ikki nafar o‘quvchisi suvda cho‘kib, vafot etgandi.