Toshkent shahriga kirish va chiqish postlari ko‘chiriladi (video)
Jamiyat
−
17 Oktabr 7381 2 daqiqa
Tirbandliklarni kamaytirish maqsadida Toshkent shahrining kirish va chiqish qismlariga o‘rnatilgan postlar ko‘chiriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, kecha, 16 oktyabr kuni Prezident boshchiligida poytaxtning sanoat va transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda tirbandlikni qisqartirish masalasi muhokama qilingan. Makzkur yo‘nalishda 2025-2030 yillarda uzunligi 57 km bo‘lgan alohida avtobus yo‘laklarini barpo etish to‘g‘risida axborot berilib, takliflar ma’qullangan. Bundan tashqari, Toshkent shahriga kirish va chiqish postlarini ko‘chirsh masalasi ham muhokama qilingan.
“Toshkent shahriga kirish va chiqish postlarini ko‘chirish bo‘yicha takliflar ma’qullandi”, deydi Baxtiyor Haydarov.
U aynan qaysi postlar va qachon ko‘chirilishiga aniqlik kiritmagan.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning aytishicha, bugungi kunda poytaxtga kuniga 400 mingdan ortiq mashina kirib keladi va 1 milliondan ortiq aholi kirib-chiqadi.
“Aholining mashinada kirishining asosiy sababi jamoat transportini tizimli yo‘lga qo‘ymaganimiz, ya’ni Toshkent shahri bilan Toshkent viloyati markazlariga avtobuslar yo‘qligi. Toshkent shahriga kirish joyida sharoitlar yaratilmagan, ya’ni avtovokzallar”, deydi Umurzoqov.
Uning bildirishicha, Toshkent shahridan tashqari bo‘lgan, lekin Toshkent shahriga yaqin joyda avtovokzallar, kempinglar bilan yuk va yangil mashinalarga to‘xtash joylari uchun sharoit yaratiladi. Loyihalashtirish ishlari bu yil boshlanib, qurilish ishlariga uzog‘i keyingi yil boshidan start beriladi.
“Agar biz jamoat transportiga BRT (bus rapid transit)ga o‘xshab, yo‘llar ochib berib, marshrutlarni qo‘yib beradigan bo‘lsak Toshkent shahriga kelayotgan odamlar jamoat transportidan foydalanadi va bu o‘z o‘rnida bugungi kunda 400 ming mashina kirib kelayotgan bo‘lsa, keskin kamayishiga olib keladi va tirbandlik muammolarini ancha yechadi”, deydi Shavkat Umurzoqov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilda Toshkent shahridagai mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik ko‘chalar qurish va sug‘orish tizimlarini yangilash ishlariga mahalliy byudjetdan 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi