Toshkent aeroportida harbiy qurol-yarog‘lar musodara qilindi
3-sahifa
−
12 Sentabr 2025 11616 1 daqiqa
Toshkent aeroportida joriy yil boshidan buyon Aviatsiya xavfsizligi xizmati tomonidan 500 dan ziyod taqiqlangan buyumlar musodara qilindi. Ularning orasida harbiy qurol-yarog‘lar ham bor. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1 yanvaridan 30 avgustigacha bo‘lgan davrda Toshkent aeroportida 535 ta taqiqlangan buyum musodara qilingan. Ularning orasida sovuq qurollar (pichoqlar, xanjarlar, kastetlar), harbiy qurol-yarog‘ va ularga o‘xshatmalar, pirotexnika vositalari (paqildoqlar, bengal chiroqlari), gaz va qalampirli ballonlar, dubulg‘alar va elektroshokerlar, kimyoviy moddalar va ko‘p maqsadli qurilmalar (o‘yinchoqli to‘pponchalar, brelokli o‘qlar, shuningdek, dronlar) bor.

Bildirilishicha, mazkur buyumlarning aksariyati yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligi uchun potensial tahdid hisoblanadi. Hatto suvenirli o‘qlar va o‘yinchoqli qurollar ham shubha uyg‘otishi va reys kechikishiga yoki samolyot bortida hodisa yuz berishiga sabab bo‘lishi mumkin. Tashish qoidalariga rioya etish o‘z navbatida nazoratdan oson o‘tishga yordam berishi bilan birga parvozlar xavfsizligini ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida fuqaro yashash xonadonida ikki dona sariq rangli metall idishga solingan 385 gramm kukunsimon porox hamda 75 dona turli kalibrli ov qurollariga mo‘ljallangan jangovar patronlar saqlayotgani aniqlangan edi.
Live
Barchasi